Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi
2026-02-10 13:00:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida xalqaro huquqiy me’yorlarga mos milliy tajriba shakllandi. Bugungi kunda ilm-fan sohasida faoliyat yuritayotgan ayollar ulushi 48 foizni tashkil etayotgani mamlakatimizda gender tengligini ta’minlash yo‘lida erishilayotgan yutuqlarning yaqqol dalilidir.
Mazkur xalqaro sana munosabati bilan yurtimizda har yili 10–15-fevral kunlari “Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi” haftaligini o‘tkazish an’anaga aylangan. Haftalik doirasida olima ayollar, ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchilar, talaba va o‘quvchi-qizlar ishtirokida ta’lim muassasalari hamda mahallalarda ilmiy-amaliy anjumanlar, davra suhbatlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib, xotin-qizlarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tashkil etilgan “Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi” mavzusidagi davra suhbati bo‘ldi. Unda universitet xotin-qizlar maslahat kengashi raisi, Toshkent shahar “Ayol ma’rifati” targ‘ibot guruhi rahbari, “Iffatli kelin” nodavlat ta’lim muassasasi asoschisi, harbiy fanlar bo‘yicha PhD doktori, tibbiyot xizmati mayori, tibbiyot fanlari doktori jamoatchi faollar ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida mamlakatimizda xotin-qizlarning ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan, ta’lim va tadbirkorlik sohalariga keng jalb etish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, jahon tajribasi asosida qo‘llanilayotgan ilg‘or amaliyotlar, ayollar uchun yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekiston ilm-fan sohasida mintaqada yetakchi pozitsiyalarni egallab borayotgan davlatlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Bu jarayonda ayollarning munosib hissasi va faolligi alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Eslatib o‘tish joizki, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti 2025-yilda “O‘zbekiston olima ayollarining xalqaro maydondagi o‘rni” mavzusidagi nufuzli forumga mezbonlik qilgan edi. Mazkur tadbir ham ilm-fan sohasida faoliyat yuritayotgan ayollarning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish, ularning tajribasini keng targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti







