Faxriylar xotirasi — yoshlar uchun ibrat maktabi
2026-02-05 13:40:00 / Yangiliklar

Tadbir davomida so‘zga chiqqan Qurolli Kuchlar faxriylari o‘zlarining hayot yo‘llari, harbiy xizmat davridagi mas’uliyatli va mashaqqatli sinovlar, Vatanni himoya qilish yo‘lida ko‘rsatgan fidoyilik va jasoratlari haqida atroflicha so‘zlab berdi. Ularning samimiy xotiralari va hayotiy tajribalari yoshlar qalbida chuqur taassurot qoldirib, ularda g‘urur, mas’uliyat va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirdi. Faxriylar bugungi yoshlar nafaqat bilimli, balki ma’naviy barkamol, yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan, fidoyi va tashabbuskor bo‘lishi lozimligini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yoshlar ittifoqi vakillari tomonidan mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida ma’lumot berildi. Ular yoshlarni ajdodlar merosiga munosib bo‘lishga, Vatan ravnaqi va tinchligi yo‘lida faol ishtirok etishga chorladi.
Suhbat davomida “Jasorat” sinfi o‘quvchilari faxriylar bilan jonli muloqotga kirishib, ularning harbiy faoliyatiga oid savollar berdilar hamda harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishlarini ochiq ifoda etdi. O‘quvchilar tomonidan ijro etilgan she’rlar va vatanparvarlik ruhidagi sahna ko‘rinishlari uch avlodni birlashtirgan mustahkam ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘tadi.
Shimoli-g'arbiy harbiy okrug matbuot xizmati









