Sportchilarimiz Osiyo chempionati g‘olibi bo‘lishdi
2026-02-04 19:35:00 / Yangiliklar

Ayni damda musobaqalar qizgʻin pallaga kirgan bir paytda terma jamoamiz safidagi Mudofaa vazirligi sportchilari 10 metr masofaga pnevmatik toʻpponchadan oʻq otish bahslarida yana bir bor yuksak mahorat va matonatini namoyon etishdi.
Xususan, jamoaviy bahslarda KBHX oddiy askar Vladimir Svechnikov hamda Qurolli Kuchlar xizmatchilari Muhammad Kamolov va Ilhom Obidjonov ishtirok etib, oltin medallarni qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻlishdi.
Shuningdek, yakkalik bahslarida ham KBHX oddiy askar Vladimir Svechnikov yuqori natija qayd etib, oltin medal sohibiga aylandi.
Taʻkidlash joizki, ushbu yutuqlar Mudofaa vazirligi sportchilari bilan Oʻzbekiston Oʻq otish federatsiyasi oʻrtasida olib borilayotgan samarali hamkorlik, tizimli tayyorgarlik hamda zamonaviy yondashuvlar natijasidir. Hamkorlik doirasida sportchilarning mahoratini oshirish, xalqaro tajribani joriy etish va nufuzli musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Maʻlumot oʻrnida taʻkidlash joizki, Nyu-Dehli shahrida oʻtayotgan Osiyo chempionati 14-fevral kuniga qadar davom etadi.
Mudofaa vazirligi sportchilarimizni ushbu munosib gʻalabalar bilan samimiy tabriklaydi hamda ularning kelgusi faoliyatida yanada yuksak marralarni zabt etishlarini, mustahkam iroda, cheksiz matonat va yangi-yangi zafarlar yor boʻlishini tilaydi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti




