Chirchiq poligonida reja asosida tibbiy tadbir tashkil etildi
2026-02-04 10:35:00 / Yangiliklar

Tadbir doirasida shaxsiy tarkibdan qon namunalarini olish ishlari tashkil etildi. Har bir tomchi qon — hayot, umid va kelajakka yo‘llangan ishonch ramzi sifatida, qonga muhtoj fuqarolar hamda harbiy gospitalda davolanayotgan harbiy xizmatchilarning sog‘ligini tiklash yo‘lida xizmat qilishi ko‘zda tutilgan. Bu jarayon harbiy xizmatning nafaqat qurol bilan, balki mehr va saxovat bilan ham bog‘liqligini yana bir bor tasdiqladi.
Qon olish ishlari tajribali harbiy tibbiyot xodimlari tomonidan, mas’uliyat va professional yondashuv asosida amalga oshirildi. Tadbir davomida sanitariya-gigiyena talablari va tibbiy xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilindi. Har bir harbiy xizmatchining sog‘lig‘i sinchiklab ko‘zdan kechirilib, jarayon individual tarzda, tibbiy nazorat ostida olib borildi.
Mazkur tadbir faqatgina tibbiy amaliyot bilan cheklanib qolmadi. Unda harbiy xizmatchilar bilan tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilib, qon topshirishning inson hayotidagi ahamiyati, sog‘lom turmush tarzining muhim jihatlari yoritildi. Natijada shaxsiy tarkibning tibbiy savodxonligi oshib, sog‘liqni asrashga bo‘lgan mas’uliyat yanada kuchaydi.
Ta’kidlash joizki, bunday xayrli tadbirlar harbiy xizmatchilar qalbida insonparvarlik, birdamlik va o‘zaro hamjihatlik tuyg‘ularini mustahkamlaydi. Ular jamiyatda mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlab, Qurolli Kuchlarning faqat harbiy qudrati bilan emas, balki yuksak ma’naviy salohiyati bilan ham e’tirof etilishiga xizmat qiladi. Chirchiqda o‘tkazilgan ushbu tadbir ana shunday ezgu an’analarning uzviy davomidir.
Toshkent harbiy okrugi matbuot xizmati



