“Turon yo‘lbarslari” harbiy-sport musobaqalariga start berildi
2026-02-04 10:10:00 / Yangiliklar

Ta’kidlash joizki, musobaqa Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident, ijod, sport, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarning “Vatan tayanchi” otryad a’zolari o‘rtasida o‘tkazilmoqda.. Unda jami 15 ta jamoa 9 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
Musobaqa shartlari ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarligi, harbiy-amaliy ko‘nikmalari, tezkor fikrlashi, bilim darajasi hamda jamoaviy hamkorlik qobiliyatini sinovdan o‘tkazishga qaratildi. Xususan, safda yurish va saf elementlari, AK-74 o‘quv qurolini qismlarga ajratish va yig‘ish, mohir mergan, kamondan o‘q otish, 20 metr masofaga arqon orqali o‘tish, umumqo‘shin himoya vositalarini kiyish, turnikka tortilish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish hamda “Temur tuzuklari bilimdoni” shartlari bo‘yicha bahslar o‘tkazildi.
Musobaqa shartlarini uyushqoqlik bilan boshlab olgan ishtirokchilar, jismoniy va ma’naviy-ma’rifiy bosqichlarni zo‘r g‘ayrat va shijoat bilan bajardi. Qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘lgan uchrashuvlar yakuniga ko‘ra birinchi o‘rinni egallagan jamoa keyingi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Yakuniy natija quyidagicha:
- Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabining “Vatanparvar” jamoasi — 1-o‘rin;
- Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabining Jizzax filialidagi “Temuriy avlodlari” jamoasi — 2-o‘rin;
- Do‘stlik tuman ixtisoslashtirilgan maktabining “Alanga” jamoasi — 3-o‘rin.
Musobaqa yakunida g‘olib jamoalar hamkor tashkilotlar tomonidan diplom, kubok, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Endilikda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabining “Vatanparvar” jamoasi musobaqaning Respublika bosqichida viloyat sharafini himoya qiladi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati









