Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi
2026-02-03 16:10:00 / Yangiliklar

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Mir Alisher Navoiyning o‘zbek adabiyoti, tilshunoslik va umuman jahon madaniyati taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni, uning asarlarida mujassam bo‘lgan insonparvarlik, adolat, vatanparvarlik, ilm-ma’rifatga intilish kabi yuksak g‘oyalar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, Navoiy ijodi yosh avlodni ma’naviy yetuklik ruhida tarbiyalashda muhim manba ekani qayd etildi.
Intellektual bellashuvda ishtirokchilar bir nechta jamoalarga bo‘lingan holda Mir Alisher Navoiyning hayoti va ijodi, uning mashhur asarlari, tarixiy shaxslar, milliy qadriyatlar hamda umumiy bilimlarni qamrab olgan savollarga javob berishdi. O‘yin davomida qatnashchilarning bilim saviyasi, tezkor fikrlash qobiliyati va jamoa bo‘lib ishlash ko‘nikmalari har tomonlama sinovdan o‘tkazildi.
Tadbir yakunida eng yuqori natijalarga erishgan jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati









