O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalarida bayram tadbirlari o‘tkazildi
2026-01-15 17:45:00 / Yangiliklar

Xususan, O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasida tashkil etilgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi mas’ullari, akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlar harbiy attashelari, ekspert va keng jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar ishtirokchilarga mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohani yanada rivojlantirish, mamlakat Qurolli Kuchlarining qudrati, mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlar, shuningdek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, bugungi kunda milliy armiyamizning qiyofasi va salohiyati tubdan o‘zgargani, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mamlakat xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashga qodir qudratli kuchga aylangani haqida ma’lumotlar berishdi.
O‘zbekiston Respublikasining Turkmaniston elchixonasi tomonidan Ashxobodda tashkil etilgan brifing va bayram uchrashuvlari ham yuqori saviyada o‘tkazilib, tadbirlar o‘zaro ishonch, mustahkam aloqa va do‘stona muhitda kechdi.
Tadbirga Turkmaniston kuch tuzilmalari mas’ullari, mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus rahbarlari, elchilar, harbiy attashelar va maslahatchilar hamda mahalliy OAV vakillari taklif etildi.
Tantanali tadbirning brifing qismida O‘zbekiston va Turkmaniston rasmiylari o‘z nutq va taqdimotlari bilan ishtirok etib, yig‘ilganlarga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida olib borilayotgan islohotlar haqida ma’lumotlar berishdi. O‘zbekistonning sohadagi xalqaro huquq normalari, tinchliksevar, moslashuvchan va pragmatik harbiy siyosati yuqori baholandi.
Muhtasar aytganda, O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalarida tashkil etilgan bayram tadbirlari mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining zamonaviy salohiyati, mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan tizimli va izchil islohotlar hamda davlatimizning tinchlikparvar, ochiq va mas’uliyatli tashqi siyosatini xalqaro jamoatchilikka keng namoyish etdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









