Germaniya bilan manfaatli hamkorlik uzaytirildi
2026-01-15 16:00:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashida uchta tashkilot vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Jumladan, “Vatanparvar” tashkiloti o‘quv muassasalarida Yevropa Ittifoqi standartlariga muvofiq yuk va yo‘lovchi tashish bo‘yicha professional haydovchilar tayyorlanib, ularning Germaniya mehnat bozorida vaqtincha faoliyat yuritishlarini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Yangi tahrirdagi memorandumga ko‘ra, ushbu yo‘nalishdagi uch tomonlama hamkorlik muddati 2030-yil 31-dekabrga qadar uzaytirildi.
Mazkur hujjatga muvofiq, Germaniyada ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonlik fuqarolar “Vatanparvar” tashkiloti o‘quv muassasalarida “D” va “CE” toifalari bo‘yicha haydovchilik kasbiga o‘qitiladi. Haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritgan nomzodlarni “SBH WEST GmbH” fondi tomonidan tanlangan vakillar va ish beruvchi kompaniyalar amaliy imtihondan o‘tkazadi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan haydovchilarga tegishli sertifikatlar topshiriladi. Nomzodlardan nemis tilini “B1” darajasida bilishlari talab etiladi.
Dastlabki bosqichda 100 ga yaqin avtobus va yuk transporti haydovchilari 2025-yilning oktabr oyida Germaniyaga yuborildi. 2026-yilda 200 nafar haydovchi yuborilishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi va Migratsiya agentligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, ushbu memorandumning asosiy maqsadi xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan mamlakatimiz fuqarolarini shartnoma asosida xorijiy mehnat bozorida talab etilgan mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti matbuot xizmati




