Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi
2026-01-15 15:20:00 / Yangiliklar

Unda Akademiya rahbariyati hamda hamkor tashkilotlar vakillari so‘zga chiqib, Vatan himoyachilarining mamlakat barqarorligi, jamoat xavfsizligi va fuqarolarning osoyishta hayotini ta’minlashdagi muhim o‘rni haqida atroflicha fikr bildirdi. Shuningdek, yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda Vatanga sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini mustahkamlash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbir doirasida harbiy xizmatchilar tomonidan Vatanga muhabbat, sadoqat va jasoratni tarannum etuvchi tematik qo‘shiqlar ijro etildi. Shuningdek, ochiq maydonda zamonaviy harbiy texnika va qurol-yarog‘ namunalari ko‘rgazmasi tashkil qilinib, ishtirokchilarga Qurolli Kuchlar salohiyati, texnik imkoniyatlari hamda jangovar tayyorgarligi namoyish etildi.
Bayram tadbiri davomida faxriy qorovul hamda tezkor bo‘linmalar vakillari tomonidan intizom, jismoniy va jangovar tayyorgarlikni aks ettiruvchi maxsus chiqishlar amalga oshirildi. Ushbu namoyishlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, harbiy xizmatchilarning yuqori professionalligi va mas’uliyatini yaqqol namoyon etdi.









