Beshkent tumanida vatanparvarlik tadbiri o‘tkazildi
2026-01-09 20:45:00 / Yangiliklar

Tadbir doirasida uchuvchisiz uchish apparatlari, 3D printerda tayyorlangan samolyot maketlari hamda harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Harbiy mutaxassislar tomonidan yoshlarning savollariga batafsil tushuntirishlar berildi.
Ishtirokchilar tantanali marsh yurishida qatnashib, harbiy intizom va Vatanga sadoqatni namoyon etdilar. Shuningdek, Harbiy aviatsiya instituti harbiy xizmatchilari tomonidan qo‘l jangi usullari bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar, faxriy qorovul jamoasining sinxron chiqishlari hamda harbiy orkestr ijrosidagi vatanparvarlik musiqalari namoyish etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash milliy armiyani mustahkamlash yo‘lidagi muhim vazifa ekanini ta’kidlashdi.
Mazkur tadbir yoshlar ongida Vatanga muhabbat, milliy armiyaga bo‘lgan ishonch va faxr tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.









