“Vatan tayanchi” harakatining an’anaviy II forumi o‘tkazildi
2026-01-09 18:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda jami 250 nafar “Vatan tayanchi” otryad a’zosi, 150 nafar harbiy xizmatchi hamda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari faxriylari ishtirok etdi.
Forum doirasida dastavval harbiy qismda “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar harbiy xizmatchilarning kundalik xizmat faoliyati, zamonaviy harbiy texnika va qurol-yarog‘lar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Shuningdek, qurol-yarog‘ va harbiy anjomlar ko‘rgazmasi namoyish etilib, yoshlar qalbida Vatan himoyasiga bo‘lgan mas’uliyat, burch va faxr tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Tadbirning ma’naviy-ma’rifiy qismida “Turon” teatri tomonidan sahnalashtirilgan “Yurt qayg‘usi” nomli vatanparvarlik ruhidagi sahna asari namoyish etildi. Spektakl orqali Vatanga sadoqat, tinchlikni asrash, milliy qadriyatlarga hurmat va jasorat g‘oyalari badiiy ifoda vositalari orqali tomoshabinlarga yetkazildi.
Forum davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlariga muvofiq, joriy o‘quv yilidan boshlab texnikumlarda tashkil etilgan “Vatan tayanchi” otryadlari a’zolariga harakatning rasmiy emblemalari va guvohnomalari tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, 2025-yil davomida “Vatan tayanchi” harakati faoliyatini qo‘llab-quvvatlab kelgan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, otryad a’zolari, otryad rahbarlari hamda hamkor tashkilotlar Toshkent viloyati harbiy-ma’muriy sektori rahbari tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









