Oltiariq va Rishtonda vatanparvarlik festivali o‘tkazildi
2026-01-09 16:05:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirlarda Sharqiy harbiy okrug harbiy xizmatchilari, mahalliy hokimiyat va hamkorlikdagi tuzilmalar vakillari, yoshlar hamda keng jamoatchilik faol ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar yurtimizda harbiy sohada olib borilayotgan tub islohotlar, harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan zamonaviy shart-sharoitlar, armiyaning jangovar salohiyatini oshirish borasidagi sa’y-harakatlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanligi alohida ta’kidlandi.
Festival doirasida harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali qo‘l jangi chiqishlari tomoshabinlar e’tiborini tortdi. Harbiy orkestr jamoasi tomonidan ijro etilgan vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar tadbirga yanada fayz bag‘ishladi. Bundan tashqari, zamonaviy qurol-aslahalar va harbiy texnikalar ko‘rgazmasi tashkil etilib, unda ishtirokchilar Qurolli Kuchlarimizning bugungi salohiyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Mazkur vatanparvarlik festivallari yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarimizga bo‘lgan hurmat-e’tiborni yanada oshirib, yoshlarda sohaga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirdi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati









