Quvasoy va Quvada vatanparvarlik festivali o‘tkazildi
2026-01-08 15:40:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirlarda Sharqiy harbiy okrug harbiy xizmatchilari, harbiy orkestr jamoasi, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etdi. Festival dasturi markaziy ko‘cha bo‘ylab harbiy orkestr sadolari ostida tantanali marsh yurish bilan boshlandi.
Shundan so‘ng asosiy tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Milliy armiyamizning tashkil topishi, bugungi kundagi salohiyati va mamlakat tinchligini ta’minlashdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berdilar. Shuningdek, yoshlarga oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirish tartibi, harbiy kasbning afzalliklari va imkoniyatlari keng tushuntirildi.
Tadbir doirasida zamonaviy qurol-aslahalar ko‘rgazmasi tashkil etilib, ayniqsa, harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi bo‘yicha namoyishlari tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Harbiy orkestr jamoasining bayramona musiqalari esa bayram kayfiyatini ulashdi.
Qayd etish joizki, yildan yilga bunday tadbirlariga xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning qiziqishi tobora ortib borayotgani quvonarlidir. Bu esa yoshlarda Vatanga muhabbat, milliy armiyamizga bo‘lgan faxr va sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati









