Vatanparvarlik festivali yoshlarni birlashtirdi
2026-01-08 10:55:00 / Yangiliklar

Tadbir avvalida harbiy xizmatchilar hamda keng jamoatchilik ishtirokida markaziy ko‘chalar bo‘ylab harbiy orkestr sadolari ostida tantanavor marsh yurishi tashkil etildi. Ushbu yurish bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishlab, tomoshabinlarda ko‘tarinki kayfiyat uyg‘otdi.
Mazkur festival yoshlar qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlash, ularni harbiy xizmatga qiziqtirish hamda milliy armiyamizning jamiyatdagi nufuzini yuksaltirishga qaratildi. Bayram tadbiri doirasida harbiy orkestr va faxriy qorovul jamoalarining tantanavor hamda yuksak mahorat bilan namoyish etilgan chiqishlari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari va mehmonlar uchun harbiy xizmatchilar tomonidan qurol-aslaha va harbiy texnikalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda zamonaviy qurol-aslahalar, harbiy anjomlar hamda ularning texnik-taktik imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Festival Vatan himoyachilariga bo‘lgan hurmat-ehtiromni yanada oshirib, yosh avlod ongida milliy armiyamiz bilan faxrlanish tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qildi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati








