Vatanparvarlik ruhi tarannum etilgan festival
2026-01-05 11:10:00 / Yangiliklar

Festivalda Farg‘ona garnizonida xizmat qilayotgan harbiy qism harbiy xizmatchilar, maktab o‘quvchilari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etdi. Tadbirning eng taassurotli jihatlaridan biri faxriy qorovulning saf chiqishlari bo‘lib, u barchada katta qiziqish uyg‘otdi, qizg‘in olqishlandi. Harbiy xizmatchilarning intizomi, jipsligi va aniq harakatlari yoshlar uchun haqiqiy ibrat maktabiga aylandi.
Shuningdek, tadbir davomida o‘quvchi-yoshlar harbiy xizmatchilar bilan ochiq muloqot qilib, qiziqtirgan savollariga batafsil va hayotiy javoblar olishdi. Harbiy xizmatning sharafli va mas’uliyatli jihatlari, Vatan himoyasi yo‘lidagi fidoyilik haqida berilgan tushunchalar yoshlar ongida chuqur taassurot qoldirdi.
Festival doirasida harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan qo‘l jangi chiqishlari esa tadbirga alohida ruh va shukuh bag‘ishladi. Kuch, chaqqonlik va mahorat uyg‘unligida namoyon bo‘lgan ushbu chiqishlar tomoshabinlar tomonidan qizg‘in olqishlar bilan kutib olindi. Tadbirda faol ishtirok etgan yoshlar tashkilotchilar tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Umuman olganda, mazkur vatanparvarlik festivali yosh avlodni milliy armiyamizga bo‘lgan ishonch va hurmat ruhida tarbiyalash, ularni yurt tinchligi va osoyishtaligini asrash g‘oyalariga yanada yaqinlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati





