Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2025-yildagi faoliyati sarhisob qilindi hamda kelgusi yildagi vazifalar belgilandi
2025-12-29 18:00:00 / Yangiliklar

Bugun, 29-dekabr kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Qo‘mitaning 2025-yildagi qonunchilik va parlament nazorati faoliyati borasida amalga oshirgan ishlari haqida axborot berildi hamda 2026-yildagi ustuvor vazifalar belgilandi.
Unda Qo‘mita aʼzolari, ekspertlar guruhi vakillari, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Bojxona qo‘mitasi masʼul rahbar xodimlari, IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, magistr tinglovchilar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, o‘tgan yil davomida Qo‘mita tomonidan qonun ustuvorligini taʼminlash va parlament nazoratini kuchaytirish yo‘nalishida 17 ta majlis o‘tkazilib, jami 33 ta masala ko‘rib chiqildi. Shundan 21 ta Qonun muhokama qilinib, maʼqullandi.
Sohaga oid 6 ta axborot va 2 ta hisobot eshitildi. Yo‘l harakati xavfsizligi va korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida o‘rganishlar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, Qo‘mita aʼzolari 2025-yil davomida Senat yalpi majlislarida muhokama qilingan qonunlar va boshqa masalalarning mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish hamda fuqarolarning huquqiy ongini oshirish maqsadida doimiy ravishda targ‘ibot va tushuntirish ishlarini olib borishdi.
Hisobot davrida Qo‘mita aʼzolari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 700 tadan ziyod murojaatlar ko‘rib chiqildi. Ulardan 510 tasi ijobiy hal etildi.
Dolzarb muammolar yuzasidan mutasaddi idoralarga 20 ga yaqin parlament so‘rovi yuborildi.
Majlisda, shuningdek, Qo‘mitaning 2026-yil birinchi yarmiga mo‘ljallangan ish rejasi ham qizg‘in muhokama qilindi. 2026-yilning yangi ish rejasiga ko‘ra axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan firibgarlik va o‘g‘rilik jinoyatlariga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini kuchaytirish (2025-yilning 11 oyida 62 mingdan ortiq shunday jinoyat qayd etilgan), mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish va sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarida rezervdagi ofitserlarni tayyorlash holatini o‘rganish va sohadagi qonunchilik ijrosini nazorat qilish hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha yangi mexanizmlarni joriy etish belgilangan.
Majlis yakunida mazkur vazifalarni sifatli ijro etish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlik mexanizmi belgilab olindi.









