Olis hududlarda harbiy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazildi
2025-12-24 17:05:00 / Yangiliklar

Mazkur sana munosabati bilan respublikamizning chekka hududlari bo‘ylab sayohat qilayotgan “Harbiy — vatanparvarlik karvoni” Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida joylashgan 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda Uchquduq tumani “Oltintov” ovul fuqarolar yig‘inida bo‘lib, aholi, ayniqsa, yoshlar uchun unutilmas bayramona tadbir tashkil etdi.
Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi harbiy xizmatchilari tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tantanada yoshlar, ta’lim muassasalari vakillari, keng jamoatchilik hamda mehnat va harbiy xizmat faxriylari ishtirok etdi.
Bayram tadbiri doirasida muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan faxriy qorovulning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Ushbu chiqishlar harbiy intizom, jismoniy tayyorgarlik va saf madaniyatining yorqin namunasi sifatida yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, Vatan, tinchlik, jasorat va fidoyilikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar hamda badiiy chiqishlar tadbirga alohida ruh bag‘ishlab, ishtirokchilarning bayramona kayfiyatini yanada yuksaltirdi. Mazkur dasturlar yoshlar va faxriylar tomonidan katta qiziqish va qarsaklar bilan kutib olindi.
Tadbir doirasida yoshlar o‘rtasida sportning bir nechta yo‘nalishlari bo‘yicha musobaqalar ham tashkil etildi. Bellashuvlar jarayonida yoshlar o‘zlarining jismoniy salohiyati, chaqqonligi va g‘alabaga bo‘lgan qat’iyatini namoyon etdi. Musobaqalar yakuniga ko‘ra, faxrli o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplomlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Toifalangan obyektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot xizmati






