“Qoʻshinlar boshqaruvini amalga oshirishda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini qoʻllashning oʻrni va nufuzi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi
2025-12-19 09:50:00 / Yangiliklar

Mazkur xalqaro tadbir qoʻshinlarni boshqarish tizimini takomillashtirish, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini joriy etish hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining harbiy sohadagi oʻrnini ilmiy-amaliy jihatdan tahlil qilishga qaratildi.
Konferensiyada respublika va xorijiy oliy harbiy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida avtomatlashtirilgan radioelektron tizimlar, sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik, kriptografiya, uchuvchisiz uchish apparatlari (UAV) va virtual reallik (VR) texnologiyalarini harbiy amaliyotga joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ilmiy-amaliy konferensiyaning umumiy yigʻilishida mahalliy va xorijiy mutaxassislar tomonidan dolzarb mavzularda maʼruzalar qilindi. Xususan, hozirgi jangovor harakatlar sharoitida havo hujumidan mudofaa tizimlarining ahamiyati, radiotexnik razvedka, faylsiz zararli dasturlar tahlili, axborotlarni kriptografik himoya qilish va maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlash masalalari keng yoritildi.
Konferensiya doirasida yosh olimlar, tinglovchilar va kursantlar oʻrtasida “CTF” (Capture The Flag) hamda “Drone Racing” musobaqalari oʻtkazildi. Mazkur musobaqalar ishtirokchilarning amaliy bilim va kasbiy mahoratlarini oshirish, innovatsion texnologiyalar bilan ishlash koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi. Musobaqa yakunida gʻolib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar oʻrtasida ilmiy muloqotni yanada rivojlantirish, qoʻshinlarni boshqarishda intellektual va avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy etish boʻyicha kelgusidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya harbiy sohada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash, milliy xavfsizlikni taʼminlash hamda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









