Milliy armiya — Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!
2025-12-18 17:35:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirlar “Milliy armiya — Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni” shiori ostida tashkil etildi. Uning asosiy maqsadi yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy armiyaga hurmat ruhida tarbiyalash, shuningdek, oʻquvchi yoshlar orasida harbiy kasbga boʻlgan qiziqishni oshirishdan iborat boʻldi. Tadbirlar doirasida ochiq eshiklar kuni oʻtkazilib, ishtirokchilar institut faoliyati, zamonaviy harbiy taʼlim tizimi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda harbiy aloqa sohasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbirda Zangiota tumanidagi 38-, 43-, 13-, 25- va 60-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktablarining oʻquvchilari, shuningdek, xalqaro, Osiyo va jahon miqyosida eʼtirof etilgan sport ustalari, chempion va sovrindorlar ishtirok etdi. Xalqaro sport ustalari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlar yoshlar uchun katta qiziqish uygʻotib, ularning hayotiy tajribasi, yutuqlarga erishish yoʻlidagi mehnat va intilishlari haqidagi samimiy suhbatlari oʻquvchilarda maqsad sari intilish, sabr-toqat va iroda kabi fazilatlarni shakllantirishga xizmat qildi.
Shuningdek, “Mening dadam — Vatan himoyachisi” nomli tadbir doirasida harbiy xizmatchilarning oilalari, xususan, farzandlarining Vatan himoyachilariga boʻlgan iftixor va hurmatini ifoda etuvchi chiqishlari tashkil etildi. Bu kabi tadbirlar orqali yoshlar ongida harbiy xizmatning sharafli va masʼuliyatli ekani yanada mustahkamlandi.
Tadbir jarayonida oʻquvchi yoshlar uchun bilimdonlik va zehnlilikni oshirishga qaratilgan qisqa savol-javoblar hamda interaktiv viktorinalar oʻtkazildi. Bellashuvlarda faol ishtirok etgan va gʻolib deb topilgan oʻquvchilarga sportchilar tomonidan esdalik sovgʻalari va ragʻbatlantiruvchi mukofotlar topshirildi. Bu esa yoshlar uchun unutilmas taassurot qoldirib, ularning oʻz ustida ishlashga boʻlgan qiziqishini yanada oshirdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar nafaqat qiziqarli uchrashuvlar va musobaqalarda qatnashdilar, balki harbiy taʼlim muassasasidagi oʻquv jarayoni, zamonaviy texnika va aloqa vositalari, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻldilar. Bu esa koʻplab yoshlarda kelgusida harbiy soha va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishida taʼlim olish istagini uygʻotdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti








