Ekologik madaniyat va is gazidan himoya masalalari muhokama qilindi
2025-12-17 17:30:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbirda harbiy qism shaxsiy tarkibi, muddatli harbiy xizmatchilar, Mudofaa vazirligi Davlat texnik nazorati organi rahbariyati va mutaxassislari, shuningdek, O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti talabalari faol ishtirok etdi.
Davra suhbati davomida mas’ul shaxslar tomonidan Qurolli Kuchlar tizimida, xususan, Mudofaa vazirligi qo‘shinlari shaxsiy tarkibi tomonidan ekologik muhitni yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Jumladan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2025-yil davomida 350 ming tup mevali va 950 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgani, umumiy hisobda 1 million 300 mingdan ortiq ko‘chat kelajak avlod uchun qadalgani alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, Davlat texnik nazorati organi mutaxassislari tomonidan harbiy xizmatchilarga gaz va elektr jihozlaridan xavfsiz va to‘g‘ri foydalanish, ularni uzoq muddat qarovsiz qoldirmaslik, isitish pechlari va mo‘rilarining soz holatini muntazam nazorat qilish zarurligi bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Is gazidan zaharlanishning oldini olish bugungi kunda muhim xavfsizlik masalalaridan biri ekanligi alohida ta’kidlandi.
Mashg‘ulotlar jarayonida ishtirokchilar xonalarni tabiiy va sun’iy shamollatish talablariga rioya etish, is gazi to‘planishining asosiy belgilari, favqulodda holatlarda to‘g‘ri harakat qilish tartibi hamda bunday vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egalladi.
Yakunda yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etishning ahamiyati, yong‘in sodir bo‘lganda harbiy xizmatchilarning tezkor va to‘g‘ri harakatlari, bino ichki va tashqi qismida joylashgan yong‘in o‘chirish vositalaridan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha yo‘riqnomalar berildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti







