Nukus garnizonida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi
2025-12-17 15:50:00 / Yangiliklar

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug tasarrufidagi Nukus garnizonida joylashgan harbiy qismda “Milliy armiya – Ona yurt qalqoni, tinchlik posboni” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda umumta’lim maktablari, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari o‘quvchi-yoshlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yoshlar ittifoqi vakillari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Mehmonlar harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar, xizmat tartibi, mashg‘ulotlar jarayoni bilan tanishtirildi.
Tadbir doirasida sport musobaqalari, chempion harbiy xizmatchilar bilan davra suhbatlari, Ma’naviyat va ma’rifat markazi faoliyati bilan tanishuvlar tashkil etildi. Shuningdek, zamonaviy o‘quv xonalari va uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) imkoniyatlari namoyish etildi.
Bayramona madaniy dasturlar bilan yakunlangan tadbir yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va Milliy armiyamizga bo‘lgan faxr tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati









