“TechArt Uzbekistan” tanlovi o‘tkazildi
2025-12-15 17:50:00 / Yangiliklar

Musobaqa doirasida Qashqadaryo viloyati hokimi Harbiy aviatsiya institutida bo‘lib, ta’lim muassasasida yaratilgan moddiy-texnik baza, o‘quv-laboratoriya majmualari, ko‘rgazmali ishlanmalar hamda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Tadbir chog‘ida institutda olib borilayotgan ilmiy-innovatsion ishlar, yoshlarning amaliy loyihalari va texnik ijod namunalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tanlov doirasida ishtirokchilar yetti yo‘nalish — “Kibersport”, “Robotlar jangi”, “Dronlar poygasi”, “Uchuvchisiz uchish apparatlarini loyihalash”, “Raketamodelchilik”, “Aviamodelchilik” hamda “Oltin ohanglar” milliy va estrada qo‘shiqchiligi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyish etdi. Har bir yo‘nalishda texnik savodxonlik, ijodkorlik, jamoaviy ishlash va innovatsion yondashuv asosiy mezon sifatida baholandi.
Qizg‘in va murosasiz bahslar jarayonida yaratilgan ixtirolar, aqliy mehnat mahsuli bo‘lgan elektron qurilmalar, zamonaviy robototexnika namunalarining namoyishi tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir yakunida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Harbiy aviatsiya instituti matbuot xizmati









