Talabalar, harbiylar va chaqiriluvchilar — barchasi bir maydonda
2025-12-09 11:50:00 / Yangiliklar

Tadbirda Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti davolash ishi fakulteti talabalari, Farg‘ona garnizonidagi harbiy qism muddatli harbiy xizmatchilari hamda tayyorlov markazi chaqiriluvchilari ishtirok etdi.
Dastlab tadbir ishtirokchilari uchun Farg‘ona shahar Adliya bo‘limining bosh yuristi tomonidan ma’ruza o‘qildi. Unda korrupsiyaning jamiyat taraqqiyotiga yetkazadigan salbiy ta’siri, unga qarshi kurashishning amaldagi huquqiy asoslari, davlat boshqaruvida shaffoflik va halollik tamoyillarini ta’minlashning muhim jihatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng bellashuv jamoalarning o‘zini tanishtirishi, mavzuga oid savol-javoblar hamda korrupsiyaga qarshi kurashish mazmunini yorituvchi sahna ko‘rinishlari bilan davom etdi.
Qizg‘in va o‘ziga xos ijodiy yondashuvda kechgan bellashuv natijalariga ko‘ra, faxrli uchinchi o‘rinni Farg‘ona garnizonidagi harbiy qism muddatli harbiy xizmatchilaridan tuzilgan “Sarlochinlari” jamoasi egalladi. Ikkinchi o‘rin Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti talabalari ishtirokidagi “Ibn Sino” jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, birinchi o‘ringa tayyorlov markazining faol chaqiriluvchilaridan tashkil topgan “Yosh vatanparvarlar” jamoasi munosib deb topildi.
Tadbir yakunida g‘olib jamoalar va faol ishtirokchilar markaz boshlig‘i tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati








