Bosh qomusimiz qabul qilingan kun keng nishonlandi
2025-12-06 11:05:00 / Yangiliklar

Tadbir avvalida Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Oybek Saidov nutq so‘zlab, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi ekanini ta’kidladi. Bosh qomusimizning yurtimizning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor sifatida xizmat qilayotgani qayd etildi.
Ta’kidlash joizki, Konstitutsiya har bir davlat taraqqiyotining poydevori bo‘lgan huquqiy, siyosiy va mafkuraviy hujjat – mamlakatning Asosiy qonuni hisoblanadi. 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi inson va fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklari, mustaqil demokratik davlatimiz, erkin jamiyatimizning mustahkam huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. Fuqarolarning eng muhim orzu-intilishlari va maqsadlari Asosiy qonun – Konstitutsiyada to‘liq ifoda etiladi.
Tadbirda yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi ezgu g‘oyalarning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda o‘z aksini topayotgani, shuningdek, mudofaa va xavfsizlikni, tadbirkorlik va xususiy mulkning ishonchli himoyasini taʼminlash, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, sanʼat va sport sohalarini rivojlantirish bo‘yicha yangidan-yangi yutuqlar va natijalarga erishish uchun mustahkam zamin yaratib berayotgani haqida fikr va mulohazalar bildirildi.
Tantanali tadbir doirasida bir guruh harbiy xizmatchilar navnatdagi harbiy unvon, esdalik nishonlari va sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati






