Poytaxtimizda “Konstitutsiya ko‘chasi” tadbiri tashkil etildi
2025-12-05 17:50:00 / Yangiliklar
Bugun, 5-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayrami munosabati bilan Mudofaa, Adliya vazirliklari va Toshkent shahar hokimligi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Toshkent shahrining “Sayilgoh” ko‘chasida an’anaviy “Konstitutsiya ko‘chasi” tashkil etildi.

Tadbir doirasida fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, Konstitutsiyada belgilangan asosiy qoidalar mazmun-mohiyatini keng tushuntirish maqsadida turli interaktiv maydonchalar, xususan, tegishli davlat tashkilotlari tomonidan “Konstitutsiya burchaklari” tashkil etildi.
Mudofaa vazirligining harbiy orkestri, el suygan san'atkorlar tomonidan ijro etilgan musiqiy chiqishlar, fleshmoblar, harbiylarning jang san’atiga oid ko‘rgazmali chiqishlari, huquqiy ma’ruzalar va so‘z ustalari ishtirokidagi dasturlar tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti







