Shahrisabzda 300 nafarga yaqin yoshlarga “Vatan tayanchi” ko‘krak nishonlari topshirildi
2025-12-05 11:35:00 / Yangiliklar

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi, faxriylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tantanali tadbirda so‘z olganlar yoshlarga qaratilgan bugungi e’tibor, yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlarning chegarasiz ekani haqida to‘xtalib, buning javobi sifatida o‘quvchilar ham chuqur bilim egallab, sadoqatli farzand va ayni ma’noda Vatanga tayanch bo‘lishlariga ishonch bildirdi.
Tadbirda, Shaxrisabz shahri hamda tumani, shuningdek, Chiroqchi va Kitob tumanlarida joylashgan akademik litsey, texnikum, poletexnikum, sport maktabi va xususiy maktablarning 300 nafarga yaqin harakat a’zolari “Vatan tayanchi” ko‘krak nishonlari va guvohnomalari bilan taqdirlandilar.
Ko‘zlarida shijoat va yurt ishqi yolqinlanayotgan ertamiz egalari ko‘krak nishonlarini qabul qilib olar ekan O‘zbekiston Respublikasiga sadoqat bilan xizmat qilishga va’da berdilar. Biroz hayajon va g‘urur bilan saf tortib turgan bu yigit-qizlar endilikda o‘z maktablari, mahallalaridagi tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib, Vatan ravnaqiga kamarbasta bo‘lishlari shubhasiz.
Tadbir harbiy xizmatchilar tomonidan tashkil etilgan konsert dasturi, harbiy aslahalar va qurol-yarog‘lar ko‘rgazmasiga ulanib ketdi.
Davlat deya atalmish ulkan oilaning kichik a’zolari sanaladigan yoshlar ertasidan ishonchi komil bo‘lib, e’tibor va imkoniyatlardan quvonib, xotirjam ta’lim olar ekan yurt kelajagi yanada farovon bo‘lishi aniq.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati








