Serjantlar korpusining faoliyatini takomillashtirishga bag‘ishlangan forum bo‘lib o‘tdi
2025-12-04 17:05:00 / Yangiliklar

Forumda okrug boshqaruv apparati vakillari, tajribali harbiy xizmatchilar, bosh serjantlar, ularning yordamchilari hamda yo‘riqchi-serjantlar ishtirok etib, serjantlar korpusining bugungi kundagi o‘rni va mas’uliyatiga bag‘ishlangan dolzarb masalalarni muhokama qildi.
Tadbir davomida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida joriy etilgan bosh serjantlar instituti faoliyati, kichik bo‘linmalarni boshqarishda serjantlarning yetakchilik roli, shaxsiy tarkib bilan ishlash jarayonida mas’uliyat va intizomni mustahkamlash, harbiy jamoalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yanada yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Serjantlar korpusi — harbiy intizomning tayanchi, bo‘linmalar jangovar qudratining ishonchli poydevori ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek, harbiy okrug shtab serjantlari o‘z xizmat faoliyatidan kelib chiqib, bo‘linmalarning jangovar tayyorgarlik darajasini oshirishga qaratilgan amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Ular kontrakt asosida xizmatga kirayotgan yosh harbiy xizmatchilarni qisqa muddatda harbiy kasb sir-asrorlariga o‘rgatish, ularda mustahkam irodani, jangovar ruhni, mas’uliyat va fidoyilikni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari haqida so‘z yuritdi. Tajribali serjantlar tomonidan saf intizomi, xizmat madaniyati, jangovar tayyorgarlik va bo‘linmalarni boshqarishning zamonaviy yondashuvlari bo‘yicha ilg‘or fikrlar bildirildi.
Forum doirasida serjantlar korpusi uchun muhim bo‘lgan qator mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Xususan, qo‘shinlarda jangovar tayyorgarlikni rivojlantirish islohotlari, bosh serjant va yordamchilarining bo‘linmalar tayyorgarligidagi o‘rni, harbiy xizmatchilarning psixologik barqarorligini ta’minlashda taktik mashg‘ulotlar va psixologik treninglarning ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, o‘quv mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish, shaxsiy tarkib o‘rtasida sog‘lom ma’naviy-axloqiy muhitni shakllantirish, harbiylarning vatanparvarlik ruhini mustahkamlash borasida ilg‘or yondashuvlar muhokama qilindi.
Tadbir yakunida zamonaviy jangovar talablarga mos holda tashkil etilgan ko‘rgazmali mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Unda serjantlar bo‘linmalarni boshqarish, tezkor vaziyatlarga mos qaror qabul qilish, jangovar harakatlar elementlarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati









