Oliy harbiy ta’lim muassasasi imkoniyatlari talabalarga tanishtirildi
2025-12-03 14:30:00 / Yangiliklar

Tadbir avvalida institut rahbari oliy harbiy ta’lim tizimining bugungi rivojlanish tendensiyalari, zamonaviy harbiy mutaxassislarni tayyorlashda qo‘llanilayotgan ilmiy-uslubiy yondashuvlar hamda Aloqa harbiy institutining mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlashdagi o‘rni haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shuningdek, harbiy yo‘nalishlarda o‘qish istagini bildirgan yoshlarga ta’lim jarayonlari, o‘quv-intizom talablari va kursantlik hayotining o‘ziga xos jihatlarini tushuntirdi.
Uchrashuv davomida maxsus tayyorlangan elektron taqdimotlar va videoroliklar namoyish etilib, institutning mustahkam moddiy-texnik bazasi, ilmiy-tadqiqot imkoniyatlari, o‘quv poligonlari hamda zamonaviy aloqa vositalari bilan jihozlangan laboratoriyalar haqida batafsil axborot berildi. Talabalarga harbiy sohada qo‘llaniladigan eng yangi texnologiyalarni o‘rganish, amaliy mashg‘ulotlarda bevosita qatnashish va malakali mutaxassislar bilan ishlash imkoniyatlari alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, institutni tamomlagan bitiruvchilar uchun davlat tomonidan ish bilan ta’minlanish kafolatlari mavjudligi, kursantlar o‘qish jarayonida to‘liq moddiy ta’minot va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan ta’minlanishi haqida ham ma’lumot berildi.
Davra suhbati shaklida tashkil etilgan uchrashuv jarayonida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutasaddilarga murojaat qildilar. Berilgan savollarga to‘liq va asosli javoblar taqdim etilib, harbiy ta’lim tizimining mazmun-mohiyati, kasbiy kamolot bosqichlari hamda institutga qabul jarayoni bo‘yicha zaruriy tushuntirishlar berildi.
Yakunda Aloqa harbiy instituti vakillari yoshlarni Vatanga sadoqat, fuqarolik pozitsiyasining mustahkam bo‘lishi, intizom, matonat va bilimga chanqoqlik kabi fazilatlarni o‘zida shakllantirishga da’vat etdi. Shuningdek, ularga oliy harbiy ta’lim muassasalarida yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, kelgusida harbiy soha rivojiga munosib hissa qo‘shish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









