Jasorat va fidoyilikning shonli yo‘li
2025-12-02 17:50:00 / Yangiliklar

Tantanalarda harbiy xizmatchilar, faxriylar, qo‘mondonlik rahbariyati va bir qator mehmonlar ishtirok etib, qismning mamlakat mudofaasidagi o‘rni, o‘tgan yillardagi xizmatlari va bugungi kundagi yutuqlarini e’tirof etdi.
Dastlab yig‘ilganlar Vatan himoyasini o‘z hayotiy burchi deb bilgan harbiylar oldida bosh egib, qismning shakllanish tarixini eslab o‘tishdi. So‘zga chiqqanlar harbiy qism shaxsiy tarkibini ushbu qutlug‘ sana bilan tabriklar ekan, uning o‘ziga xos tarixiy an’analari, jangovar yo‘li va sadoqat namunalariga boy faoliyati haqida to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, qismning tashkil etilishi mamlakat mudofaa tizimini mustahkamlash, milliy xavfsizlikni ta’minlash va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘lidagi muhim bosqich bo‘lgan.
Shuningdek, harbiy xizmatchilarning Vatanga sadoqat, intizom va jangovar shaylik borasidagi yutuqlari alohida qayd etildi. Ularning xalqimiz tinchligi yo‘lida qilayotgan fidoiy xizmatlari, zamonaviy harbiy bilimlarni egallashdagi intilishi, o‘quv mashg‘ulotlarida ko‘rsatgan yuqori natijalari tadbir ishtirokchilari tomonidan mamnuniyat bilan tilga olindi.
Sana munosabati bilan jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha harbiy okrug hamda Mudofaa vazirligi miqyosidagi musobaqalarda yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritgan, shu bilan birga yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda munosib hissa qo‘shgan bir guruh harbiy xizmatchilar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir davomida harbiy qismning o‘tmishdagi xizmatlari, jangovar tayyorgarligi, qo‘lga kiritilgan natijalar haqida qisqa ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, harbiy an’analar, yurtga sadoqat va fidoyilik namunalarini aks ettiruvchi videolavhalar namoyish etildi. Mehmonlar uchun qism tarixiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi, unda mazkur dargohning turli davrlardagi faoliyati, qurollanish jarayonlari va mashg‘ulotlardan lavhalar o‘rin oldi.
Yakunda ishtirokchilar yana bir bor harbiy xizmatning naqadar sharafli burch ekanini, bugungi tinch va osuda hayotimiz poydevorida mana shunday jasur, matonatli harbiylar turishini mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Ushbu sana nafaqat qism tarixidagi muhim kun, balki Vatanga xizmat qilish mas’uliyatini yelkalariga olgan har qaysi harbiy xizmatchi uchun faxr va g‘urur ramziga aylandi. Tantanali ruhda o‘tgan ushbu tadbir yana bir bor harbiy jamoaning birlik, sadoqat va fidoyilik kabi yuksak qadriyatlarga sodiqligini namoyon etdi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati






