Sharqiy harbiy okrugda kompleks o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi
2025-12-02 16:45:00 / Yangiliklar

Dastlab harbiy xizmatchilar “Farg‘ona” dala-o‘quv maydonida havo hujumidan mudofaa taktikalari, xavfsizlik qoidalari va jangovar boshqaruv bo‘yicha nazariy bilimlarini mustahkamladi.
O‘quvning amaliy bosqichi “Sho‘rsuv” dala-o‘quv maydonida davom etdi. Unda shaxsiy tarkibning jipslikni oshirish, kichik hajmdagi va past balandlikda uchuvchi uchuvchisiz uchish apparatlarini aniqlash hamda yo‘q qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari yanada boyitildi. Shuningdek, ishtirokchilar bo‘linma va obyektlarni himoyalash usullari, taktik vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish va o‘zaro muvofiqlikda harakatlanish amaliyotlarini sinab ko‘rdi.
Shu bilan birga, harbiy xizmatchilarning taktik otish bo‘yicha malakasi, texnikalarni boshqarishdagi darajasi nazorat-tekshiruv mashg‘ulotlari orqali baholandi. Bunday kompleks tayyorgarlik bo‘linmalarning real jangovar sharoitlarda samarali harakat qilish, mudofaa vazifalarini aniq va ishonchli bajarish salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati







