Forish tog‘larida qudrat sinovi
2025-11-22 11:30:00 / Yangiliklar

Ko‘rik-tanlovning eng muhim bosqichlaridan biri yakka tartibdagi poyga bo‘lib, tabiiy relyef va sun’iy to‘siqlar bilan boyitilgan murakkab yo‘nalishda tashkil etildi. Jangovar yo‘lakchalar, otish maydonchalari va okoplardan iborat ushbu trassa 4–6 kilometr masofani qamrab oldi. Unda ekipajlardan yuqori tezkorlik, boshqaruv mahorati va aniq koordinatsiya talab etildi. Musobaqada barcha ekipajlar haydovchilik, nishonga olish va vaziyatni baholash borasidagi o‘z malakalarini namoyon etdi.
Jangovar tayyorgarlikning ajralmas qismi bo‘lgan jismoniy tayyorgarlik sinovlari ham o‘tkazildi. Ishtirokchilar turnikda tortilish, 1 km yugurish, tosh ko‘tarish kabi mashqlarni bajardilar. Shuningdek, tank, muhandislik, avtomobil va artilleriya qo‘shinlariga mo‘ljallangan to‘siqlar yo‘lagida maxsus nazorat mashqlari o‘tkazilib, harbiylarning jismoniy tayyorgarligi bilan birga, ruhiy barqarorligi va jamoaviy harakatlari ham baholandi.
Musobaqaning yakuniy bosqichi guruh tarkibida bellashuv bo‘lib, unda ekipajlar (tank komandiri, mexanik-haydovchi, mo‘ljalga oluvchi va o‘qlovchi) 5–7 kilometrli murakkab jangovar sharoit modellashtirilgan yo‘nalishda mashqlarni bajarishdi. Tezkor manevrlash, nishonga aniq zarba berish va jamoaviy uyg‘unlik asosiy mezon sifatida belgilandi.
Ko‘rik-tanlov davomida jamoalar o‘zlarining eng yaxshi tayyorgarligini namoyon etdilar. Yakuniy natijalarga ko‘ra, o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi:
1-o‘rin — Markaziy harbiy okrug Samarqand garnizonidagi harbiy qism jamoasi;
2-o‘rin — Markaziy harbiy okrug Jizzax garnizonidagi harbiy qism jamoasi;
3-o‘rin — Janubiy-g‘arbiy maxsus harbiy okrugga qarashli harbiy qism jamoasi.
Mazkur tanlov harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini oshirish, o‘zaro raqobatni kuchaytirish va zamonaviy harbiy texnikalardan samarali foydalanish bo‘yicha muhim tajriba maktabi bo‘lib xizmat qildi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati







