Mudofaa tizimida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha profilaktik tadbirlar o‘tkazildi
2025-11-20 18:05:00 / Yangiliklar

Tadbirlar davomida mudofaa tizimida intizom va qonuniylikni mustahkamlash, moliyaviy va tashkiliy jarayonlarda shaffof boshqaruvni kuchaytirish, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, pora olish yoki berish kabi holatlarning oldini olish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ishtirokchilarga korrupsion xavflarni aniqlash mexanizmlari, javobgarlik choralari, jinoyat uchun jazoning muqarrarligi, davlat organlarida shaffoflik va qonuniylik tamoyillarining ahamiyati bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, korrupsiyaga qarshi kurash nafaqat jinoyatning oldini olish, balki harbiy tizimning obro‘-e’tiborini, milliy xavfsizlikni va jamoatchilik ishonchini mustahkamlashda muhim omildir. Tadbir davomida real holatlar asosida amaliy tavsiyalar berilib, xizmatchilarning huquqiy ongini oshirish hamda halollik va mas’uliyat tamoyillariga rioya etish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar taqdim etildi.
Uchrashuvlar yakunida mudofaa tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha yangi takliflar ishlab chiqildi, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish hamda bo‘linmalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha yo‘nalishlar belgilab olindi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti







