Bayroq – millat ruhi, g‘urur timsoli
2025-11-18 11:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston bayrog‘i mustaqillikning muqaddas timsoli, xalqning g‘ururi, or-nomusi, vorislar uchun eng ulug‘ merosdir. Har bir rang — yurt bag‘rining jilvasi, har bir chiziq — milliy qadriyatlar manbai, yarim oy va yulduzlar esa kelajakka bo‘lgan ishonch va umid timsolidir. Shu sabab bugungi sana o‘zbek xalqining qalbida alohida faxr uyg‘otadi.
Talaba yoshlar va harbiy xizmatchilar o‘rtasidagi samimiy muloqot — Vatan himoyasi va uning ravnaqi bir-biriga chambarchas bog‘liq ekanini yorqin isbotladi. Harbiylar o‘z xizmatlari, jasorat maktabi, qasamyodning ma’nosi haqida so‘zlab, yoshlar qalbida vatanparvarlik ruhini yanada mustahkamladi. Talabalar esa o‘z navbatida zamonaviy bilim, intellektual salohiyat va yangicha fikr bilan yurt taraqqiyotiga xizmat qilishga bel bog‘lashlarini ta’kidladilar. Shuningdek, tadbirda so‘z olganlar davlat ramzlariga hurmat, yoshlarga e’tibor, yurtning ertangi kuni uchun mas’uliyat haqida ibratli fikrlar bildirdilar.
Tadbir davomida talaba yoshlarning bayroq madhiga bag‘ishlangan she’rlari, ijodiy chiqishlar, harbiy orkestrning vatanparvarlik kuy-qo‘shiqlari, tarixiy videoroliklar bayram ishtirokchilarining qalbiga faxr-iftixor, ruhiy ko‘tarinkilik bag‘ishladi. Har bir so‘z, har bir ohang, har bir ijodiy chiqish — millatning buyukligini, yoshlarning salohiyatini, Vatanimizning porloq kelajagini tarannum etdi. Bayroq madhiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari esa tomoshabinlarni tarixiy xotira, mustaqillik uchun kurashgan ajdodlar ruhi bilan yuzlashtirdi.
Okrug madaniyat va ma’rifat markazida o‘tkazilgan ushbu tadbir yurtimizda davlat ramzlariga bo‘lgan hurmat, yoshlar tarbiyasiga e’tibor, harbiylarning fidoyiligi va jamiyatning ma’naviy uyg‘onishi yo‘lida muhim qadamlardan biriga aylandi.
Shimoli-g'arbiy harbiy okrug matbuot xizmati







