O‘zbekiston bayrog‘i – millatimiz g‘ururining ifodasidir
2025-11-18 10:25:00 / Yangiliklar

Har yili mamlakatimizda 18-noyabr O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun – milliy bayroq kuni sifatida keng nishonlanadi. Sana munosabati bilan Qurolli Kuchlar davlat muzeyida “Buyuk tarixga ega xalqning muqaddas bayrog‘i” mavzusida ma’naviy – ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Nordik xalqaro universiteti, professor o‘qituvchilari, kursantlar va talaba yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan muzey rahbariyati vakillari o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillariga bayroqlarning shakllanish jarayonidan bugungi kungacha bo‘lgan o‘zgarishlar, O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ining tarixi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi o‘rni va rolini keng yoritib berishdi.
Tadbir so‘ngida Qurolli Kuchlar davlat muzeyi arxiv fondida saqlanayotgan noyob bayroqlar, Amir Temur qo‘shinlariga tegishli bo‘lgan jangovar bayroqlar na’munalari, hozirgi kundagi Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirliklarning bayroqlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti






