Qo‘mondonlik miqyosida “Yashil makon” loyihasi davom etmoqda
2025-11-15 17:00:00 / Yangiliklar

Hozirgi kunda mamlakatimiz bo‘ylab hasharlar va ko‘chat ekish aksiyalari tobora kengayib bormoqda. Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari jarayonida harbiylar ham faol ishtirok etmoqda.
Mudofaa vazirligiga qarashli qo‘mondonlikning boshqaruv apparatida harbiy xizmatchilar tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida turli manzarali va dekorativ daraxt ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, loyihaga muvofiq, harbiy shaharchalar va qo‘mondonlikka tutash hududlarida obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Respublikamiz bo‘ylab qo‘mondonlik tasarrufidagi harbiy qismlarda ham hududlarga daraxtlar ekilib, ona tabiatimizni asrab-avaylash choralari ko‘rilmoqda.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti








