Denovda 100 nafar yoshlar “Jasorat maktabi” yig‘inida toblandi
2025-11-15 14:15:00 / Yangiliklar

Harbiycha kiyinish va harbiycha hayot tarzida yashash “Jasorat maktabi” ishtirokchilariga nafaqat jismonan chiniqish, balki kelajakda asqotadigan ko‘nikma va hunarlarni o‘rganish imkonini ham yaratdi.
Ta’kidlash joiz, yurtboshimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu loyiha yo‘ldan adashgan, nazoratdan chetda qolgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish, ma’naviyati va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. “Jasorat maktabi” bugun minglab yoshlarga yordam beruvchi samarali platformaga aylangan.
Yig‘in davomida ishtirokchilar qat’iy kun tartibi asosida mashg‘ulotlarda qatnashib, kasb-hunar o‘rgandi, mafkuraviy immunitetini mustahkamladi va ilk harbiy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. Ular uchun harbiycha ust-bosh taqdim etilib, ichki tartib-intizom, harbiycha yurish-turish, mashg‘ulotlar jadvaliga qat’iy amal qilish jarayoni harbiy xizmatchilar tomonidan nazorat qilindi. Harbiy hayotga moslashishni yengillashtirish maqsadida har bir guruhga malakali ofitser va serjantlar biriktirildi.
Mashg‘ulotlar davomida yoshlar bilan ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik darslari, kasb-hunar o‘rgatish mashg‘ulotlari, sport o‘yinlari o‘tkazildi. “Uch avlod uchrashuvi”, “Rahbar va yoshlar uchrashuvi”, davlat va jamoat tashkilotlari hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan profilaktik tadbirlar tashkil etildi. Shuningdek, tajribali tadbirkorlar ishtirokida biznes forumlar ham o‘tkazildi.
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida ular uchun turli sport musobaqalari, jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari, madaniy hordiq tadbirlari — konsert dasturlari, davra suhbatlari va spektakllar tashkil qilindi.
Denov tumanidagi “Ishga marhamat” monomarkazida o‘tkazilgan kasbga tayyorlov mashg‘ulotlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
“Jasorat maktabi” yig‘ining yopilish marosimida yuqori natijaga erishgan ishtirokchilar Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi va hamkor tashkilotlar tomonidan faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati









