Nukus garnizonida avlodlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2025-11-13 17:40:00 / Yangiliklar

Mazkur uchrashuvda okrug faxriylar kengashi a’zolari, Nukus harbiy prokuraturasi jamoatchilik kengashi vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat universitetining faol talabalari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Tadbir Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat va tinchlikni asrash yo‘lida fidoyilik g‘oyalarini targ‘ib etish, yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuvda so‘z olgan faxriylar o‘zlarining hayotiy tajribalari, harbiy xizmat davridagi sinov va mashaqqatlari, Vatan oldidagi burchni ado etish chog‘ida ko‘rsatgan jasoratlari haqida samimiy fikrlar bildirdilar.
Faxriylar bugungi yosh avlodga murojaat qilar ekan, fidoyilik, burchga sadoqat, yurt tinchligini asrash, xalq ishonchini oqlash kabi qadriyatlarning har bir harbiy xizmatchi hayotidagi o‘rni haqida ibratli nasihatlar berdi. Ularning ko‘zlarida faxr va g‘urur, so‘zlarida esa hayotiy tajribaning chuqur ma’nosi mujassam edi.
Tadbir davomida harbiy xizmatchilar o‘z ustozlarining ibratli so‘zlarini tinglab, ular bilan samimiy muloqotda bo‘ldi. Uchrashuv ishtirokchilari o‘z fikrlarida harbiy xizmatning sharafli tomonlari, askarning Vatan oldidagi mas’uliyati hamda fuqarolik burchining muqaddasligi haqida so‘z yuritdi.
Tadbir yakunida faxriylar nomidan O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarga ezgu tilaklar bildirildi. Ularning samimiy so‘zlari, Vatan fidoyilari sifatidagi ibratli hayoti yoshlar qalbida g‘urur va mas’uliyat tuyg‘usini yanada mustahkamladi.
Shimoli-g'arbiy harbiy okrug matbuot xizmati






