“Vatan tayanchi” otryad a’zolari va’da berdi
2025-11-13 15:25:00 / Yangiliklar

Ana shunday ezgu maqsadlarni amalga oshirish doirasida poytaxtimizda joylashgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida Toshkent shahrining umumta’lim maktablari, akademik litseylar, texnikumlar va xususiy maktablarda tashkil etilgan “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati otryad a’zolarining «Va’da» berishi hamda harakatning ko‘krak nishonlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Mudofaa vazirligi masul ofitserlari, Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Yoshlar ishlari agentligi hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Marosim doirasida so‘zga chiqqan rasmiylar dastlab mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, ta’lim va madaniyat sohalaridagi yutuqlar hamda harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiya berishning ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berdilar. Ta’kidlanganidek, bu kabi tadbirlar yoshlarning milliy o‘zlikni anglashida, ularga yuksak vatanparvarlik ruhi singdirilishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shundan so‘ng faol va intiluvchan, fidoyi yoshlar «Vatan tayanchi» ko‘krak-nishonlari bilan taqdirlandilar. Nishonga sazovor bo‘lgan yoshlar o‘z navbatida o‘qish, sport va jamoat ishlarida faol bo‘lishga, tengdoshlarini vatanparvarlik yo‘lida yetaklashga, shuningdek, ulug‘ ajdodlarimizning mardlik va jasorat merosini davom ettirishga sadoqat bilan va’da berishdi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilar uchun harbiy orkestrning kuy-qo‘shiqlari va faxriy qorovul chiqishlari namoyishi tashkil etildi. Shuningdek, tadbir davomida “Vatanparvar” tashkiloti yoshlar orasida sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish bo‘yicha taklif va tashabbuslari bilan ishtirok etdi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









