Termizda harbiylar va ekologlar hamkorligida amaliy seminar o‘tkazildi
2025-11-12 11:15:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir Surxondaryo viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda qo‘mondonlik rahbariyati hamkorligida o‘tkazildi.
Seminar avvalida so‘z olgan qo‘mondonlik vakillari bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, global isish va cho‘llanish jarayonlari fonida yashil hududlarni kengaytirish, atrof-muhitni asrab-avaylash hamda ekologik barqarorlikni ta’minlash har qachongidan ham muhim ekanini ta’kidladi. Harbiy xizmatchilar nafaqat mamlakat xavfsizligini, balki ekologik xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida ham faol ishtirok etishlari zarurligi alohida qayd etildi.
Shundan so‘ng ekologiya boshqarmasi mutasaddilari ishtirokchilarga ko‘chatlarni to‘g‘ri ekish va parvarishlash, suv rejimini me’yorida tashkil etish, qumli hududlarda daraxtlarning ildiz tizimini mustahkamlash va ularning o‘sish sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdi. Mutaxassislar, xususan, Surxondaryo viloyatining issiq va quruq iqlim sharoitini inobatga olib, bu hududga mos bo‘lgan daraxt turlarini va soya beruvchi hamda mevali daraxtlarni ekish tavsiya etildi.
Seminar davomida ishtirokchilar amaliy mashg‘ulot sifatida poligon hududida ko‘chat ekish ishlarini amalga oshirdi. Harbiylar va ekologlar birgalikda tuproqni yumshatish, sug‘orish tizimini tekshirish va daraxtlarning parvarishi bilan bog‘liq amaliy jarayonlarda faol qatnashdi.
Tadbir yakunida ekologiya boshqarmasi hamda qo‘mondonlik vakillari “Termiz” dala poligonini bosqichma-bosqich yashil makonga aylantirish, ko‘chat ekish ishlarini muntazam davom ettirish, yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirish va “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi rejalarni belgilab oldi.







