Eng ilg‘or moddiy-texnik ta’minot guruhi aniqlanmoqda
2025-11-11 17:10:00 / Yangiliklar

Avvalgi yillardagi tajribalardan xulosa qiladigan bo‘lsak, ushbu tanlov Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning kasbiy salohiyati, tashkiliy qobiliyati hamda o‘z burchiga sadoqatini sinovdan o‘tkazuvchi muhim maydonga aylangan. Shuningdek, bunday musobaqalar nafaqat harbiylarning texnik vositalardan unumli foydalanish ko‘nikmalarini mustahkamlaydi, balki ularni zamonaviy talablarga mos holda yangicha fikrlashga, strategik qarorlar qabul qilishda tezkorlik va aniq harakatni ta’minlashga o‘rgatadi.
Tanlov jarayonida ishtirokchilar texnik vositalarni to‘g‘ri boshqarish, resurslardan oqilona foydalanish, kutilmagan holatlarda tezkor va samarali qaror qabul qilish kabi bir qator muhim amaliy ko‘nikmalarini namoyon etishmoqda. Shuningdek, har bir jamoa o‘zining tashkiliy intizomi, aniqlik va aniqlashtirilgan harakatlari bilan ajralib turib, Qurolli Kuchlarimiz safida moddiy-texnik ta’minot tizimining naqadar muhim o‘rin tutishini amalda isbotlamoqda.
Darhaqiqat, zamonamizga kelib Qurolli Kuchlarining qudrati faqat jangovar qurollar yoki zamonaviy texnika bilan emas, balki ishonchli, puxta rejalashtirilgan va samarali moddiy-texnik ta’minot tizimi bilan ham belgilanadi. Chunki front ortida turgan har bir askar, har bir mutaxassis armiyaning yuragi hisoblanadi. Ularning fidoyiligi, aniq ishlash madaniyati va mas’uliyatli yondashuvi bevosita jang maydonidagi g‘alabaga, eng muhimi — tinchlik va osoyishtalikni saqlashga xizmat qiladi.
Tanlov “Yangi ariq” dala-o‘quv maydonida davom etmoqda.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati






