Bir Vatan, bir el, bir bayroq — milliy g‘ururimiz timsoli
2025-11-10 12:35:00 / Yangiliklar

Ana shunday yuksak ruhni tarannum etgan “Bir Vatan, bir el, bir bayroq!” shiori ostidagi “Bir bayroq” estafetasi mamlakatimiz bo‘ylab keng quloch yoymoqda. Estafetaning navbatdagi manzili Qoraqalpoq zamini bo‘ldi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l, Xo‘jayli va Shumanay tumanlari bo‘ylab o‘tgan estafetada davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, harbiy xizmatchilar, o‘qituvchilar, faol yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Bu safar — nafaqat bayroqni qo‘ldan-qo‘lga topshirish, balki yurakdan-yurakka iftixor va sadoqat tuyg‘usini yetkazish safaridir. Har bir ishtirokchi bu bayroqni baland ko‘tarar ekan, ko‘zlarida yurtga mehr, ko‘nglida Vatanga sadoqat porlab turardi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ining yaratilish tarixi, undagi rang va ramzlarning chuqur ma’nosi haqida atroflicha so‘z yuritdi.
Eslatib o‘tamiz, “Bir bayroq” estafetasi mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda. Har bir tuman, har bir shahar, har bir yurak bu bayroq ostida birlashmoqda. Chunki, bizni yagona g‘oya, yagona maqsad, yagona Vatan birlashtiradi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati








