“Toshkent Ohangaron” yo‘li yashillikka burkanadi
2025-11-08 17:15:00 / Yangiliklar

Bu borada qabul qilingan davlat dasturida ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, ko‘chalarda yashillik darajasini oshirish, respublika bo‘yicha yashil bog‘lar barpo etish va barcha shaharlarni to‘liq “yashil belbog‘”lar bilan qamrab olish, shuningdek, avtomobil yo‘llari yoqalarini ko‘kalamzorlashtirish va har bir yirik sanoat korxonasi hududida hamda unga tutash hududlarda ham “Yashil belbog‘”larni barpo etish rejalashtirilgan.
Jumladan, Mudofaa vazirligi ham yurtimizni yashil makonga aylantirishda o‘z hissalarini qo‘shishmoqda.
Mudofaa vaziri general-leytenant Shuxrat Xalmuxamedov boshchiligidagi Mudofaa vazirligi rahbaryati hamda markaziy apparati harbiy xizmatchilari ishtirokida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Toshkent viloyati Ohangaron tumanidan o‘tgan “Toshkent Ohangaron” yo‘lining yoqasida ko‘chat ekish aksiyasini tashkil etilgani ham aynan ushbu ezgu ishlarning davomi bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ushbu hududda daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish uchun 1,5 kilometr masofa ajratilgan bo‘lib, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari tomonidan yo‘l yoqasiga 1000 tupdan ortiq terak, qarag‘ay, qayrag‘och daraxt ko‘chatlari ekildi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, ko‘chatlar suvsizlikdan qurib qolishining oldini olish maqsadida artizan qudug‘i qazilib, tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Mazkur tashabbus bo‘sh maydonlarda yashil hududlarni barpo etish hamda avtomobil yo‘l yoqalarini ko‘kalamzorlashtirish aholi va yoshlarning ekologik madaniyatini oshirishga xizmat qiladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti









