Samarqand garnizonida harbiy texnikalar qishki mavsumga puxta tayyorlanmoqda
2025-11-08 12:00:00 / Yangiliklar

Qayd etish joizki, ushbu chora-tadbirlar harbiy texnikaning yuqori jangovar shaylik darajasini saqlab turish, shuningdek, og‘ir iqlim sharoitlarida ham ularning uzluksiz va ishonchli faoliyatini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Texnik xizmat ko‘rsatish jarayonida har bir texnika birligi batafsil texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, sovutish tizimidagi suyuqliklar yangilandi. Asosiy agregat va mexanizmlarning ish holati sinchiklab tekshirlmoqda, filtrlar, yoqilg‘i-moylash materiallari to‘liq almashtirilib, elektr, aloqa va gidravlik tizimlarning sozligi puxta nazorat ostiga olinmoqda. Bu esa qishki mavsumda texnikaning barqaror ishlashini kafolatlash bilan birga, ehtimoliy nosozliklarning oldini oladi.
Mazkur tadbirlar jarayonida harbiy xizmatchilar nafaqat o‘zlariga biriktirilgan texnik vositalarning tuzilishi va ishlash prinsiplari bilan yanada chuqurroq tanishdi, balki amaliy mashg‘ulotlar orqali texnik xizmat ko‘rsatish madaniyatini yanada mustahkamlashdi.
Qishki mavsumga tayyorgarlik ishlari harbiy intizom, mas’uliyat va jamoaviy hamjihatlik ruhida tashkil etilgan bo‘lib, bu yondashuv qo‘shinlarning umumiy jangovar salohiyatini yanada mustahkamlash, mavjud texnik resurslardan oqilona va samarali foydalanish imkonini yaratmoqda.
Umuman olganda, Samarqand garnizonida amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlar natijasida harbiy qismlar har qanday ob-havo va iqlim sharoitida belgilangan vazifalarni tezkor, aniq hamda sifatli bajarishga to‘liq tayyor holatga keltirilmoqda.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati






