Giyohvandlik tushunchasi, turlari va uning oldini olish choralari
2025-08-13 14:55:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarga nisbatan qarshi immunitetni shakllantirish, shuningdek, inson salomatligini ta’minlashga qaratilgan ishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, bugungi kunda mamlakatimizning tinchligi va xavfsizligiga tahdid solayotgan bir qator ichki va tashqi omillar ham mavjudki, ular qatoriga shubhasiz –radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik va boshqa shu kabi salbiy omillarni kiritish mumkin.
Giyohvandlik – insonning sog‘lig‘iga, kelajak avlodning taraqiyotiga xavf soluvchi illat bo‘lib, kishi organizmini ta’sirchan moddalarga o‘rganib qolishini anglatadi.2Boshqacha aytganda, giyohvandlik, bu avvalambor, insonning giyohvandlik vositalarini iste’mol qilishga mukkasidan ketish bilan bog‘liq hastalikdir. Xalqaro tashkilotlar tomonidan «Giyohvandlik yoki narkomaniyani – muntazam va surunkali ravishda narkotik vositalarni (tabiiy va sun’iy) iste’mol qilish, asosan shaxs jismida yuzaga keladigan hamda jamiyat va uning har bir a’zosiga xavf tug‘diruvchi intoksikatsiya holatidir» deb e’tirof etilgan. Giyohvandlikning ijtimoiy xavfi quyidagilarda yaqqol ko‘rinadi: birinchidan, giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish inson tanasi va ruhiyati uchun halokatli oqibatlarni olib keladi. Bunda giyohvandlik kasaliga chalinganlarning bu boradagi harakatlari inson hayotiy faoliyatidagi jismoniy va ruhiy funksiyalarini tuzalib bo‘lmaydigan darajaga yetishida namoyon bo‘ladi. Oxir oqibatda esa, organizm jismoniy hamda ruhiy holatining batamom tugashiga olib keladi. Odatda kasallar mustaqil faoliyat ko‘rsata olmaydi, mehnat qilish qobiliyati yo‘qoladi, o‘ta tajovuzkor bo‘ladilar, ayrim holatlarda ko‘r yoki shol bo‘lib qoladilar, so‘zlashish qobiliyatini yo‘qotadi, hattoki o‘z joniga qasd qilish yoki boshqa bir jinoyat sodir etish darajasiga yetib borib, turli xil ijtimoiy salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradilar; ikkinchidan, giyohvandlik jinoyatchilikning o‘sishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqotlarda nazariy jihatdan qaralganda, giyohvandlikning jinoyatchilikni keltirib chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan uch shakli ko‘rsatiladi: birinchidan, giyohvandlarning ob’ektiv va sub’ektiv jihatdan jinoyat sodir etishga moyilligi, ya’ni giyohvandlik vositalari bilan muomala qilish qonun bilan cheklanganiga qaramay giyohvandlar ushbu zahriqotilga ega bo‘lish uchun giyohvandlik vositalarini g‘ayriqonuniy yo‘l bilan olish, sotish, saqlash kabi jinoyatlarga qo‘l uradilar, shuningdek ularning shaxsiyatidagi bu kabi illatlar har qanday vaziyatda ham jinoiy faoliyatni amalga oshirishga sabab bo‘ladi; ikkinchidan, giyohvandlik vositalariga bo‘lgan intilish, ya’ni, tayyorlash, saqlash, sotib olish, sotish, sotishga vositachilik qilish, o‘zlashtirish va iste’mol qilish kabilar shaxsni turli jinoiy faoliyatlarni sodir etishga undaydi; uchinchidan, aynan giyohvandlarning o‘zlari ham viktim holatga tushib qoladilar va boshqa turdagi jinoyatlar qurboniga aylanadilar; uchinchidan, giyohvandlik millat genofondini, uning minglab yillar davomida shakllangan qadriyatlarining buzilishiga real ta’sir ko‘rsatadi. Negaki, giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan ota-onalardan majruh farzandlar tug‘iladi. Eng xavflisi, bunday go‘daklarning giyohvandlik vositalariga bog‘lanib qolganligidir; to‘rtinchidan, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyatlar bevosita diniy ekstremizm va terrorizm kabi ofatlarning asosiy moliyalashtiruvchi manbalari bo‘lib qolmoqda; beshinchidan, bangilikka mubtalo bo‘lgan shaxslar boshqalarni ham shu yo‘lga chorlaydi, ayniqsa giyohvandlikka vatan kelajagi bo‘lgan yoshlar hamda ayollarning jalb etilishi, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyatlarning ular tomonidan sodir etilishi holatlari borgan sari ko‘paymoqda. Kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, har bir bangi bir yil davomida o‘rtacha 7–8nafar shaxsni bangilik yo‘liga olib kiradi. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, o‘tgan o‘n besh yillik davr mobaynida 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar o‘rtasida giyohvandlikning oshganligi kuzatilmoqda. Eng achinarlisi, ushbu shaxslarning ko‘pchilik qismi (qariyb 23,9%)ni voyaga yetmaganlar tashkil etadi.
Xo‘sh shaxs nima sababdan giyohvandlikka chalinadi? Shaxsning giyohvandlikka berilishiga quyidagilar sabab bo‘lishi mumkin: –shaxslarning psixikasida o‘zgarishni yuzaga kelishini o‘zlari xoxlashi va bir xil turmush tarzidan vaqtincha bo‘lsa ham voz kechishni istashi; –shaxsdagi bugungi kun bilan yashash, sovuqqonlik, pessimistik dunyoqarashga egalik, o‘z hayotidan va turmush tarzidan qoniqmaslik kabi salbiy xususiyatlarning mavjudligi; – oilada yuzaga keladigan o‘ziga xos muammolar hamda uni bartaraf qilishga shaxsning ojizligi yoki bu muammolarni hal qilishga xoxish va istakning yo‘qligi; –shaxsning o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholay olmasligi, ruhiy va jismoniy jihatdan irodasining bo‘shligi va boshqalar.
Shaxsning giyohvandlikka berilishining yo‘lini shartli ravishda ikki ajratish mumkin:
1. Giyohvandlik vositasini shaxsning o‘zi qiziqib chekib ko‘rishi orqali giyohvandga aylanishi; O‘z xoxishiga ko‘ra narkotik moddalarni asosan yoshlar, sa’natkorlar, katta mablag‘ga ega shaxslar iste’mol qilishlari bugungi kunda keng avj olgan. O‘tkazilgan tadqiqotlar bugungi kunda respublikamizdagi giyoxvandlarning 40-45% giyohvand vositalarini qiziqish orqali iste’mol qilganini, albatta bunga yaqin tanish-bilishlari yordam berganini ko‘rsatadi.
2. Giyohvandlik vositasini shaxsning o‘zi xoxlamagan holda, boshqacha aytganda ixtiyoriy-majburiy ravishda, ya’ni boshqa shaxslar tomonidan turlicha majburlash orqali ist’emol qilishi hamda buning natijasida giyohvandga aylanishi. Aslida shaxslarni narkotik moddalarni iste’mol qilishga majbur etish moddiy jihatdan yaxshi ta’minlangan shaxslarga nisbatan amalga oshiriladi, ularning mablag‘lari narkotik modda tarqatuvchilarning ko‘proq diqqat nazarida bo‘ladi.
Voyaga yetmagan va yoshlarning giyohvandlikka berilishiga quyidagilar sabab bo‘lishi mumkin: a) bolada bekorchi vaqtning ko‘pligi va ota-ona tomonidan uning nazorat qilinmasligi; b) bolada giyohvandlik vositasi yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilib ko‘rishga bo‘lgan qiziqishi, uning ta’sirini o‘zida sinab ko‘rishga intilishi; v) boladagi stressga chidamlilikning pastligi, tortinchoqlik, itoatkorlik yoki uning aksi – tez asabiylashishi; g) ota-onaning giyohvandlik vositalarini o‘zlari iste’mol qilishi; d) bolaning turli xil norasmiy o‘smirlar guruhlarining ta’siriga tushib qolishi, ularga tobe bo‘lib qolishi; ye) bolada chekish, surunkali ichkilikbozlikning mantiqiy davomi sifatida giyohvandlik vositalarini iste’mol qilishi; j)ota-onaning bolaga haddan ziyod mehr qo‘yishi natijasida unga keragidan ortiq ishonishi; z) ota-onaning bolaga ehtiyojidan ortiq ko‘proq pul berishi va bola tomonidan uni sarflanishini nazorat qilmasligi va boshqalar. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, giyohvandlik vositalari bilan noqonuniy savdo qiluvchi shaxslar va giyohvandlar bolani giyohvandlikka o‘rgatishda asosan, moddiy tomonlama yaxshi ta’minlangan oilalarning bolalarini ko‘proq o‘zlariga o‘lja sifatida jalb qilishga harakat qiladilar. Giyohvandlikka quyidagi shaxslar toifasi ko‘proq moyil bo‘ladilar: – asosan salbiy muhitga tez beriladigan, axloqsizlikka moyil bo‘lgan shaxslar (engiltak ayol va erkaklar, fohishalar, islovatxonalarga tez-tez keluvchilar); – uyidan tez-tez sababsiz ketib qoladigan yoshlar, voyaga yetmaganlar; –nosog‘lom, noqobil oilalar farzandlari, ya’ni ota-ona o‘rtasida tez-tez nizo, janjal bo‘ladigan yoki ular giyoxvandlik, surunkali ichkilikbozlikka berilgan oilalarda yashovchi bolalar; – bo‘sh vaqtini oqilona tashkil eta olmaydigan shaxslar va boshqalar. Narkotik moddalarni ist’emol qiluvchi shaxslarda ko‘rinadigan simptomlar va belgilar: Fiziologik belgilari: – terining oqarishi; – ko‘z qorachig‘ining torayishi yoki kengayishi, ko‘zining qizarishi yoki xiralashishi; –nutqining buzilishi, ya’ni sekin gapirishi va nutqidagi chalkashliklar; – ozib ketishi, ishtahasining yo‘qolishi yoki me’yoridan ko‘p ovqatlanishi; – surunkali yo‘tal; – harakat koordinatsiyalarining yomonlashuvi. Xulq-atvoridagi belgilari: – sababsiz tez jahli chiqishi, bo‘shanglik;
–ishlash qobiliyatining yuqorilashishi yoki faollashuvi, lekin juda tez charchoqni his qilishi; – diqqat va xotirasining pasayishi, narsalarga nisbatan qiziqishining yo‘qolishi; – tushunarsiz sabablarga ko‘ra maktabga bormaslik, uydan ketib qolishlik; –ma’lum narsalarga nisbatan fikrini jamlashda qiyinchilik; – uyqusizlik; – kayfiyatning tez-tez o‘zgarib turishi va bildirilgan tanqidlarni noto‘g‘ri qabul qilish; – o‘ziga yaqin odamlar bilan munosabatga kirishdan qochish; –maktabdagi davomatning pasayib ketishi; – doimiy ravishda pul so‘rashi; – uydagi qimmatbaho kitoblar, kiyim-kechak, audio va video texnikalarni yashirin ravishda sotish; – yolg‘on va uydirma gaplarni tez-tez so‘zlashi; – hozirjavoblikdan qochish, bo‘lmagan narsalarni gapirishga moyillik; – ovqatlanishda me’yorni bilmaslik natijasida ochko‘zlik hollarining yuzaga kelishi yoki umuman ishtahasining yo‘qolishi, ovqatni ko‘p yeyishiga qaramay ozib ketishi; –ish jarayonida arzimagan sabablarni bahona qilib janjal ko‘tarishi, urishishi va zarda qilishi; – boshliqlarga itoatsizlik, ularning gaplariga befarqlik, tanqidni ko‘tara olmasligi va boshqalar. Oshkora belgilari: – tanadagi ninaning belgilari, kesiklar va ko‘karishlar; –pul va qog‘oz buyumlarining trubka shaklidagi holati; –plastik kartalarning yon qismidagi oq dog‘larning mavjudligi; – kichik qoshiqlarning tashqi tomonidagi qora dog‘larning mavjudligi; – kapsulalar, kichik butilkachalar va temir bankalar mavjudligi; – uyqu yoki tinchlantiruvchi dorilarning mavjudligi. Giyohvandlik moddalarining noqonuniy savdosi haqida gap ketganda, avvalo, Afg‘oniston tilga olinadi. Respublikamizdagi narkotik moddalar bilan bog‘liq vaziyat Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlardagi kabi keskinligicha qolmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan kuchli giyohvandlik moddalarini Markaziy Osiyo davlatlari hududlari orqali Rossiya hamda Yevropa davlatlariga o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlarning O‘zbekiston hududidan tranzit sifatida foydalanishni to‘xtatmayotganligidir. Jinoyatchilar katta miqdordagi giyohvandlik moddalarini bojxona va chegara maskanlarini chetlab, aylanma yo‘llar hamda o‘tish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlar orqali piyoda, ot-ulovlar yordamida respublikamizga keltirishga yoki tranzit ravishda olib o‘tishga urinmoqdalar. O‘tkazilgan muayyan ijtimoiy tadqiqotlar tahlilidan ko‘rinadiki, asosan eng ko‘p sonli giyohvandlar guruhini noxush oilaviy sharoit, o‘qishni o‘zlashtirmaslik, atrofdagilar bilan nizolar, spirtli ichimliklarga erta ruju qo‘yish, ma’lumotining pastligi, yuqori kasbiy mutaxassislikning yo‘qligi, rasmiy jamoalarda egallagan mavqeidan qoniqmaslik, g‘ayriijtimoiy yo‘nalishga ega voyaga yetmaganlar va yoshlarning stixiyali guruhlarida ishtirok etish bilan tavsiflanadigan 16–25 yoshlardagi shaxslar tashkil qiladi. Hozirgi kunda giyohvandlikning domiga yoshlar, hatto voyaga yetmaganlar ham tushib qolayotgani kuzatilmoqda. Eng achinarlisi, ularning soni yildan yilga ortib boryapti. Giyohvandlik moddalarini iste’mol qilib, turli jinoyatga qo‘l urayotgan yoshlar ham uchrab turishi juda tashvishlanarli holdir. Jahon miqyosida olib borilayotgan kuzatishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, giyohvandlar sonining ortib borishiga ta’sir qiluvchi omillar turli davlatlarda, qolaversa, bir mamlakatning o‘zida ham har xil bo‘lar ekan. Lekin ular orasida umumiy jihatlar ham yo‘q emas. Bular: birinchidan, o‘smirlar oqibatini o‘ylamagan holda avval tamaki chekishi, so‘ngra giyohvandlik moddasini iste’mol qilishi orqali ulg‘ayib qolganliklarini ko‘rsatishga urinishadi; ikkinchidan, giyohvandlik moddasini iste’mol qilishga o‘rganib qolgan yoshlar o‘z tengdoshlarini davralar, diskotekalar va boshqa joylarda kamsitib, kalaka qilib, ularni saflariga qo‘shilishiga undashadi; uchinchidan, giyohvandlarning paydo bo‘lishiga oilaviy muhit ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Xonadondagi surunkali janjallar, ichkilikbozlikdan bezor bo‘lgan o‘smir ko‘chadan «panoh» topishga harakat qiladi; to‘rtinchidan, yoshlar aynan balog‘at davrida bekorchi bo‘lib qolishi, ularni o‘zlariga yoqmagan ish bilan bog‘lab qo‘yish giyohvandlik ko‘chasiga kirib qolishiga olib keladi. Yoshlarimiz giyohvandlik kasaliga mubtalo bo‘lib qolmasliklari uchun kattalar ularning bo‘sh vaqtlari to‘g‘ri o‘tishiga ko‘maklashishlari, madaniy hordiq chiqarish, sport bilan shug‘ullanish, foydali mehnat bilan band bo‘lishlariga jiddiy e’tibor qaratishlari lozim.
Farzand tarbiyasiga o‘ta mas’uliyat va ehtiyotkorlik bilan yondoshishimiz, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024 — 2028 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiyasida ko‘rsatilgan maqsadlar va ularga erishish chora-tadbirlarini barcha davlat organlari va tashkilotlari og‘ishmay amalga oshirish lozim. Ana shundagina respublikamizda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasining barvaqt oldini olish, aholida ularni iste’mol qilishga nisbatan “immunitet”ni shakllantirish orqali genofondimizga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etgan bo‘lamiz.
Otabek Esanov
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Baxmal tuman sudi raisi v.b.
