KORRUPSIYA-TARAQQIYOT KUSHANDASI
2026-05-25 10:30:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2020-yil
29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasidan
Korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir.
Korrupsiya dunyo miqyosida hal etilishi lozim bo‘lgan global muammolardan biri hisoblanib, ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazib, inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi. Shu sababli korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro ahamiyat kasb etib, jahon siyosatining muhim masalalari qatoridan joy olgan.
Jumladan, 2003-yil 9-dekabr kuni Meksikada Birlashgan millatlar tashkilotining korrupsiyaga qarshi konvensiyasi imzolangan va ushbu kun Xalqaro Korrupsiyaga qarshi kurashish kuni sifatida e’lon qilingan. Shu tariqa 2004-yildan boshlab har yili 9-dekabr kuni Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlanmoqda.
O‘zbekiston ham 2008-yilda Birlashgan millatlar tashkilotining Korrupsiyaga qarshi Konvensiyasini, shuningdek, 2010-yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti doirasida qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Istanbul Harakat rejasini ratifikatsiya qilgan.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ham korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning huquqiy va institutsional asoslari takomillashtirilib, jamiyatda korrupsiya illatiga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Respublikamizda ham korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmi yaratilgan bo‘lib, 2017-yil 3-yanvarda O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi hamda shundan so‘ng bir qator normativ-huquqiy hujjatlarda korrupsiyaning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Shu bilan birga, aholi va davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularga “halollik vaksinasi”ni singdirish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish tizimini zamon talablaridan kelib chiqqan holda yangi bosqichga olib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi “Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Bosh prokuraturasining aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirishga qaratilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasini 2025-yil 1-yanvardan joriy etish haqidagi taklifi ma’qullandi va davlat xizmatchilariga Virtual akademiyaning maxsus o‘quv kurslarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida malakasini oshirish majburiy etib belgilandi. Bunda: davlat xizmatchisi ishga qabul qilinganidan so‘ng uch oy ichida o‘quv kursidan o‘tadi;
davlat xizmatchilari malakasini oshirishning davriyligi har uch yilda kamida bir martani tashkil etadi;
korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari va korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan davlat xizmati lavozimlarida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlar uchun maxsus kurslar chuqurlashtirilgan o‘quv dasturlari asosida olib boriladi, davlat xizmatchilari hisoblanmaydigan shaxslarni maxsus o‘quv kurslarida o‘qitish ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi.
Muxtasar aytganda, aholi va davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirmasdan hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishmasdan turib korrupsiyaning oldini olish mushkul ish, zero, korrupsiya — taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tug‘diruvchi xavfli jinoyat. Bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarninggina emas, barchaning ishi bo‘lishi zarur. Shundagina biz ushbu xavfni bartaraf etgan bo‘lamiz.
Jizzax viloyat ma’muriy sudining
sudyasi H.Yorov
