Odam savdosi - Asr vabosi
2026-05-18 08:55:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasiga binoan O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 17 avgustdagi "Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi Qonunida odam savdosiga oid noqonuniy harakatlarga qarshi tadbirlar, davlat va jamoat organlari tomonidan bajariladigan eng muhim vazifalar belgilab berilgan.
Afsuski, dunyo bo‘ylab odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi keng qamrovli targ‘ibot-tashqivot ishlari olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, yosh bolalar va hatto chaqaloqlar ham borligi achinarli holdir. Ushbu turdagi jinoyatning rivojlanishiga turtki bo‘layotgan asosiy omillardar biri odamlarning chet elga borish va ishga joylashish haqida yetarli ma’lumotga ega emasligidir. Achinarlisi, o‘zga davlat, begona bir muhitga tushib qolganlar mo‘may daromad ilinjida og‘ir jismoniy mehnatga yollanmoqda, ayollar esa tuban va fahsh ishlarga majbur etilmoqda.
So‘nggi yillarda chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar aniqlanmoqda. Bunga – bolaning onasi ijtimoiy himoyalanmagani va moddiy ehtiyojlari ta’minlanmaganligi, turmushga chiqmagan ayollar homilador ekani hamda chaqaloqni oilasidan yashirishga urinishi, farzand ko‘rmagan oilalar tomonidan chaqaloq asrab olishga ehtiyojlar ko‘pligi va shunga o‘xshash boshqa holatlar sabab bo‘lmoqda.
Odam savdosiga qarshi kurashishda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ushbu illatning xavfi va oqibatlari haqida tushuntirish ishlarini olib borish, fuqarolarni bu boradagi vaziyatdan ogoh etish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois bugungi kun talablaridan kelib chiqib, targ‘ibot va tashviqot tadbirlarini o‘tkazishga alohida e’tibor qaratish lozim bo‘ladi.
Odam savdosi, uning insoniy huquq va erkinliklarini g‘ayriqonuniy va g‘ayri axloqiy ravishda aynan inson tomonidan kamsitilishi kechirib bo‘lmas jinoyatdir.
Mamlakatimizda insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Xususan odam savdosi bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat uchun jazo choralarini kuchaytirish va mazkur jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasiga mutanosib sanksiyalarni belgilash zaruriyati yuzaga kelayotgani sababli 2025 yil 19 mayda qabul qilingan Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga odam savdosi bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlarni sodir etganlik uchun jazo choralari kuchaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritildi.
JKning 135-moddasi 2-qismida 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi nazarda tutilgan bo‘lsa, endilikda yangi qabul qilingan qonunga 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanilishi belgilandi.
Shuningdek, JKning 135-moddasi 3-qismida 8 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi nazarda tutilgan bo‘lsa, yangi qabul qilingan qonunga ko‘ra 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanilishi belgilandi.
Odam savdosi jinoyati aksariyat hollarda oson va ko‘p pul topishligini va’da qilish va boshqa aldov usuli bilan amalga oshiriladi, fuqarolar bu kabi aldov gaplarga uchmasliklari va yuqoridagi holatlarni aslo yoddan chiqarmasliklari lozim.
Abdumannon Shaydoev
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Mirzacho‘l tuman sudining raisi
Sharif Xoliqulov
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Mirzacho‘l tuman sudining tergov sudyasi
