Ma’muriy sudlarga apellyatsiya tartibida shikoyat qilish tartibi va muddatlari to‘g‘risida
2026-05-05 11:00:00 / Yangiliklar

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarorlari ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish imkoniyati mavjud bo‘lib, bu sud qarorlarining qonuniyligi va asoslanganligini yana bir bor tekshirishga xizmat qiladi.
Ma’muriy sud ish yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 200-moddasiga muvofiq, ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo ularning huquq va majburiyatlari haqida sud tomonidan qaror qabul qilingan shaxslar apellyatsiya shikoyati berish huquqiga ega. Prokuror esa apellyatsiya protesti kiritishi mumkin. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil ham ayrim hollarda apellyatsiya shikoyati berish vakolatiga ega.
Apellyatsiya tartibida shikoyatlar tegishli yuqori turuvchi sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Jumladan, tumanlararo ma’muriy sudlar qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar viloyat va Toshkent shahar ma’muriy sudlari tomonidan, harbiy sudlar qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar esa O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Oliy sud tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlar esa uning ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqiladi.
Apellyatsiya shikoyati berish tartibi ham aniq belgilangan. Shikoyat bevosita apellyatsiya instansiyasi sudiga yo‘llanadi, biroq uni hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga topshirish talab etiladi. Ushbu sud besh kun ichida shikoyatni ish materiallari bilan birga yuqori sudga yuborishi shart.
Qonunchilikda apellyatsiya shikoyati berish muddatlari ham aniq ko‘rsatilgan. Umumiy qoidaga ko‘ra, hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida apellyatsiya shikoyati yoki protest berilishi mumkin. Agar ushbu muddat uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan bo‘lsa, uch oydan kechiktirmay berilgan iltimosnoma asosida sud tomonidan tiklanishi mumkin.
Apellyatsiya shikoyatining shakli va mazmuniga ham alohida talablar qo‘yilgan. Shikoyat yozma shaklda beriladi va unda sud nomi, shikoyat beruvchi shaxs haqidagi ma’lumotlar, nizolashilayotgan qaror tafsilotlari, shikoyat asoslari hamda ilova qilinayotgan hujjatlar ro‘yxati ko‘rsatilishi lozim. Zarur hollarda aloqa vositalari ham qayd etilishi mumkin.
Shuningdek, shikoyat beruvchi shaxs ishda ishtirok etuvchi boshqa tomonlarga shikoyat nusxalarini yuborishi yoki topshirishi shart. Apellyatsiya shikoyatiga davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar, boshqa ishtirokchilarga nusxalar yuborilganligi haqidagi dalillar hamda vakil orqali berilganda vakolatni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Umuman olganda, ma’muriy sudlarga apellyatsiya tartibida shikoyat qilish mexanizmi sud qarorlarining qonuniyligi va adolatliligini ta’minlashga xizmat qiladi. Mazkur tartib fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun o‘z huquqlarini samarali himoya qilishning muhim vositasi bo‘lib, sud tizimiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etadi.
Jizzakh viloyat ma’miriy sudning sudyasi
A. Sayfitdinov
