8 MART — XALQARO XOTIN-QIZLAR KUNI KENG NISHONLANDI
2026-03-06 18:00:00 / Yangiliklar

Bugun Mirzacho‘l tuman Madaniyat markazida 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tuman bayram tadbiri ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Tadbirda tuman ijtimoiy-siyosiy, siyosiy-iqtisodiy hayotining barcha jabhalarida, xususan davlat boshqaruvi va vakillik organlari, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, fermerlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ma’rifat, madaniyat hamda boshqa sohalarda samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar, faol ayollar, yosh qizlar va mehnat faxriylari ishtirok etdi.
Tadbirni ochib bergan Mirzacho‘l tumani hokimi B.K. Mirzakulov ushbu qutlug‘ ayyom munosabati bilan barcha ayollarni samimiy qutlab, ularning jamiyat va davlat hayotidagi beqiyos o‘rni, oilalar farovonligi va kelajak avlod tarbiyasidagi ulkan hissasini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Bayram dasturida poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli xushovoz xonanda, “Nihol” mukofoti sovrindori hamda “Ovoz” loyihasi final bosqichi g‘olibi Adolat Ismoilova o‘zining dilrabo kuy-qo‘shiqlari bilan barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Shuningdek, tumanimizning iste’dodli yoshlari ijro etgan kuy-qo‘shiqlar hamda Madaniyat markazining badiiy chiqishlari tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Bayram tadbiri davomida xotin-qizlarga ehtirom va hurmat yana bir bor o‘z ifodasini topdi.
Mirzacho‘l tuman hokimligi
Axborot xizmati
