Oilaviy nizolar va ularni bartaraf etish usullari
2026-02-24 16:40:00 / Yangiliklar

Oilaning an’anaviy modeli oilaviy munosabatlar sub’ektlarining o‘zaro ishonch va tushunish, hayo va mehr oqibat rishtalari bilan bog‘langanlikni talab etgan bo‘lsa, bugunga kelib uning o‘rnini individuallik, mustaqillik hamda o‘zaro manfaatdorlik tamoyillari eggalay boshlamoqda. Shu o‘rinda oilaviy nizolar masalasi hamda ularni oila a’zolari tomonidan hal etilishi, kelishilishi yoki boshqa so‘z bilan aytganda nizolarni hal etish madaniyatining yetarli darajada emasligini ko‘rsatmoqda.
Oila hayoti turli xil ob’ektiv va sub’ektiv omillarga duchor bo‘lib, ular tarix, iqtisod, sotsiologiya, psixologiya, huquqshunoslik kabi fanlarning turli sohalarida batafsil o‘rganiladi. Ijtimoiy hayotda, shaxslararo munosabatlarda ayrim alohida nizolar, o‘zaro kelishmovchiliklar bo‘lib turishi muqarrar.
Oilaviy nizolar, odatda, bir-birini tinglamaslik, ya’ni birbirlarining istaklarini “eshitmaslik”, hayotga bo‘lgan qarashlarning farqlanishi, o‘ta qattiq nazorat, e’tibor yetishmasligi, ish faoliyatidagi muammolar tufayli yuzaga keladi
Nizolarni hal etishning muqobil tartiblarini nafaqat sud, balki ma’muriy tizimlarga ham faol joriy etish. Oilaning ichki hayoti bilan bog‘liq har bir oilaviy nizo, birinchi navbatda, oilaning o‘zi tomonidan o‘zaro kelishuv asosida, voyaga yetmagan bolalar, mehnatga layoqatsiz shaxslar, ota-ona yoki boshqa oila a’zolarining huquq va manfaatlari ustuvorligini hisobga olgan holda hal qilinishi mumkin.
Zero, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 10-moddasida, fuqarolar oilaviy munosabatlardan kelib chiqadigan huquqlarini o‘z xohishlariga ko‘ra tasarruf etadilar deb belgilangan. Shuningdek, oila a’zolarining o‘z huquqlarini amalga oshirishlari hamda o‘z majburiyatlarini bajarishlari oilaning boshqa a’zolari va o‘zga shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzmasligi shart.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, tashkilotlar va alohida fuqarolarning aralashuviga oilaning vujudga kelgan nizo bo‘yicha qabul qilgan qarori uning a’zolari, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va nogironlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini buzgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi. Oilaviy nizo deganda, bir oila a’zolari o‘rtasida yoki oila a’zosi bilan boshqa shaxs o‘rtasida yuzaga keladigan mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy xarakterdagi ijtimoiy nizo turi tushuniladi, bunday qarama-qarshilik paytida oilaning huquq va manfaatlari buzilgan, yoki unga o‘z ta’sirini o‘tkazgan bo‘ladi. Agar nizolashayotgan tomonlardan kamida bittasi uning (oila) manfaatlarini haqiqiy yoki xayoliy huquqbuzarliklardan himoya qilish maqsadida oila a’zosi sifatida harakat qilsa, nizo oilaviy nizo sifatida kvalifikatsiya qilinishi mumkin.
Shunday qilib, oilaviy nizo tushunchasini belgilaydigan muhim belgilar nizolashayotgan tomonlarning o‘ziga xos sub’ekt tarkibi va nizoning oila manfaatlarini yoki alohida oila a’zolarining, birinchi navbatda, voyaga yetmaganlar va nogironlarning huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga qaratilganligi bo‘lib hisoblanadi
Barcha turdagi nizo, konfliktlarda bo‘lgani kabi oilaviy nizolarni hal etishda ham ikki asosiy usul mavjud: sud orqali belgilangan tartib asosida hamda suddan tashqari – nizolarni muqobil hal qilish usullari (Alternative dispute resolution - ADR) orqali. Nizolarni muqobil hal qilish usullari (Alternative dispute resolution - ADR) – nizolarni suddan tashqari hal qilish protseduralari to‘plamini anglatuvchi umumiy tushuncha bo‘lib, u an’anaviy (sud) amaliyotidan tashqari ko‘pgina formal va noformal usullarga nisbatan ishlatiladi.
Sud ishlarini yuritish o‘zining majburlov xususiyati va standartlashtirilgan tartiblari bilan ajralib turadi. Bundan farqli ravishda, nizolarni muqobil hal qilish nizolashayotgan tomonlarga qonunda belgilangan barcha rasmiy tartib-qoidalardan o‘tmasdan, o‘z muammolarini suddan tashqarida hal qilish imkonini beradi. U sud-huquq tizimining yukini yengillashtiradi. Bugungi kunda nizolarni muqobil hal etish – bu ijtimoiy va iqtisodiy hayotning turli sohalarida qo‘llaniladigan 20 dan ortiq suddan tashqari protseduralarni birlashtirgan atama bo‘lib, ularning ba’zilarini oilaviy nizolarni hal qilishda ham qo‘llash mumkin. Umuman olganda, nizolarni muqobil hal qilish usullari bir necha shaklda klassifikatsiya qilingan bo‘lib, asosiy shakllari sifatida quyidagilarni ko‘rsatib o‘tish mumkin:
Muzokara – nizoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomonlar tomonidan uchinchi shaxslarning ishtirokisiz hal etish. Muzokaralarda ishtirok etish ixtiyoriydir va hal qilish jarayoniga yordam beradigan yoki rezolyusiyani talab qiladigan uchinchi tomon mavjud bo‘lmaydi.
Mediatsiya – kelib chiqqan nizoni taraflar o‘zaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator ko‘magida hal qilish usuli9 ; nizolarni tomonlarga kelishuvga yordam beradigan mustaqil, betaraf vositachi yordamida hal qilish. Mediatsiya tomonlar o‘rtasidagi nizo, ziddiyat, ixtilof, kelishmovchilik, mojaro (konflikt)ni tomonlarning ixtiyoriy roziligi asosida, uchinchi, betaraf (neytral), xolis shaxs, ya’ni mediator (vositachi) ko‘magida hal qilish texnologiyasi hisoblanadi. Mediatsiya vositachi ko‘magida nizolarni tinchlik yo‘li bilan hal qilish usulidir.
Mediatsiya jarayoni quyidagi sohalarga tatbiq etilishi mumkin: • moliyaviy-iqtisodiy munosabatlar; • fuqarolik-huquqiy munosabatlar; • oilaviy huquqiy munosabatlar; • biznes-tadbirkorlik munosabatlari; • ta’lim munosabatlari; • korporativ-mehnat munosabatlari. Mediatsiya o‘z navbatida professional va noprofessional mediatsiya, korporativ mediatsiya, biznes mediatsiya, oila mediatsiyasi, sud mediatsiyasi, komediatsiya, transformativ mediatsiya, narrativ mediatsiya, baholovchi mediatsiya kabi ko‘plab turlari mavjud. Yarashtiruv (conciliation) – nizolarni hal qilishning muqobil usuli, nizolashayotgan tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchilikni hal etish uchun yarashtiruvchidan foydalanish jarayoni. Ba’zida yarashtiruv instituti ham meditatsiya (kelishuv) ning bir shakli sifatida tasniflanadi. Mediatsiya va yarashtiruvning umumiy xususiyati shundaki, har ikkisida vositachi hukm chiqarish huquqiga ega emas, muloqotni osonlashtirishi yoki kelishuv bitimini tuzishda yordam berishi mumkin xolos.
Mahallada faoliyat yurituvchi mutaxassislar, xususan xotin-qizlar faollari, faol jamoatchilik, mahalladagi Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyasi (oldingi Yarashtiruv komissiyalari), “Oqila ayollar” harakati yoki Ota-onalar universiteti kabi jamoatchilik tuzulmalari oilaviy nizolarni hal qilishda yarashtiruvchi yoki noprofessional mediator vazifasini bajaradi. Keng jamoatchilikning ishtiroki va mavjud amaliy mexanizmlar sababli oilaviy nizolarni bartaraf etishda yarashtirish institutini samarali vosita sifatida ko‘rsatish mumkin.
Oilaviy mediatsiya - bu betaraf vositachining nizoli tomonlarga kelishuvga erishishga yordam beradigan jarayondir. Mediatsiyaning asosiy maqsadi ochiq va konstruktiv muloqot uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat bo‘lib, bu ishtirokchilarga barcha tomonlarning manfaatlarini hisobga olgan holda maqbul yechimlarni mustaqil ravishda topish imkonini beradi. Mediatsiya nafaqat hozirgi nizolarni hal qilishga yordam beradi, balki muloqot ko‘nikmalarini va o‘zaro tushunishni mustahkamlash orqali kelajakda ularning paydo bo‘lishining oldini olishga ko‘maklashadi.
Oilaviy nizolarni oldini olish va bartaraf etishda sudga qadar Mahallada oilaviy mediatsiyani joriy etish tavsiya qilinadi.
Jizzax tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi
A.S.Aminov
