Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasi ekspertiga ochiq tanlov
2024-12-11 10:25:00 / E’lonlar
Davlat komissiyasi eksperti nomzodiga qo‘yiladigan talablar quyidagicha:
- qattiq foydali qazilmalar, neft va gaz, gidrogeologiya va muhandislik geologiya yo‘nalishlari bo‘yicha ushbu sohalarda faoliyat yuritishi;
- mazkur sohalarda kamida 5 (besh) yil tajribaga egaligi;
- geologik tasvirlash, foydali qazilmalar konlarini izlash va qidirish, yer qaʼridagi foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblash, zaxiralarni hisoblashda konditsiyalarining texnik-iqtisodiy asoslari, neft va gaz kondensatini qazib olish koeffitsiyentlari, gidrogeologiya va muhandislik geologiya, shuningdek, boshqa materiallarni tahlil qilishda tajribaga egaligi;
- konlarni blokli modellashtirishda foydalanadigan: CAE Mining (DATAMINE), SURPAC, Micromine, Petrel, Paradigm va boshqa dasturiy taʼminotlarda ish tajribasiga ega bo‘lish;
- “Yer qa’ri to‘g‘risida” Qonun, tog‘-kon munosabatlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlari, geologiya qidiruv sohasida amalda bo‘lgan normativ-meʼyoriy hujjatlar, Davlat komissiyasi haqidagi Nizom va boshqa normativ hujjatlar haqida umumiy tushunchaga ega bo‘lish.
Tanlovda ishtirok etish niyati bo‘lgan talabgorlar belgilangan muddatlarda quyidagi hujjatlarni A.Ibragimov@mingeo.uz elektron manziliga yuborishi zarur:
- fuqarolik pasporti (fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning guvohnomasi);
- qattiq foydali qazilmalar, neft va gaz, gidrogeologiya va muhandislik geologiya yo‘nalishlari bo‘yicha oliy maʼlumotga egaligi to‘g‘risida diplom;
- tanlovda ishtirok etuvchi shaxsning mehnat (ish staji) faoliyati haqida maʼlumotnomasi (yaqin qarindoshlari haqidagi maʼlumoti bilan birgalikda).
Izoh: komissiya hujjatlarni o‘rganib chiqish davrida tanlovda ishtirok etayotgan shaxsdan qo‘shimcha maʼlumotlarni talab etish huquqiga ega bo‘lib, ish sifatini o‘rganish maqsadida boshqa korxona va tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborishi mumkin.
Maʼlumot uchun: Davlat komissiyasining ishchi organi ko‘rib chiqilayotgan obyektlarning murakkabligiga ko‘ra ekspertizalarning zarur turlarini va ularni o‘tkazish uchun ekspertlarning shaxsiy tarkibini belgilaydi.
Davlat komissiyasining ekspertlarning shaxsiy tarkibi Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat komissiyasining eksperti 30 kundan oshmagan muddatda foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqishga oid materiallarni (yakuniy geologik hisobot) ko‘rib chiqib, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligiga ekspert xulosasini taqdim etadi.
Foydali qazilmalar zaxiralarini hisoblab chiqishga oid materiallar ekspertizasi bo‘yicha xizmat haqi konni (uchastka) geologik murakkabligi va xususiyatlaridan kelib chiqib to‘lanadi.
Rasmiy sayt va ijtimoiy tarmoqlarda tanlov eʼlonlari 5 (besh) ish kuni davomida saqlanadi yoki yangilab boriladi.
Ushbu tanlovga hujjatlar topshirish muddati 2024-yil 17-dekabrda yakuniga yetdi.